17:15 (07.08.2023)
2468
Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning qayd etishicha, hozir dunyoda qoʼllanilayotgan tuberkulyozga qarshi vaktsinalar bundan yuz yil avval yaratilgan va ularning samaradorligi talab darajasida emas.
“Xalqaro hamjamiyat koronavirus pandemiyasidan toʼgʼri saboq chiqarishi kerak, — deydi JSST rahbari. — SOVID-19 bizga epidemiologik xatar istalgan paytda paydo boʼlishi mumkinligini koʼrsatdi.
Shunga qaramay, juda qisqa muddatda bu xavfli infektsiyaga qarshi samaradorligi yuqori vaktsinalar yaratishga muvaffaq boʼldik. Tuberkulyozga qarshi emlash vositalarini tayyorlashga esa bir necha oʼn yil oldin kirishilgan. Аmmo izlanishlar keskin "oqsamoqda".
Maʼlum qilinishicha, hozir silga qarshi 16 ta yangi vaktsina yaratish ustida ish olib borilyapti. Eng muhimi, bu jarayonni hukumatlar, biznes va ilmiy doiralar hamda keng jamoatchilik koʼmagida tezlashtirish mumkin.
Shu bois T. Gebreyesus bu borada maxsus kengash tuzishni taklif qildi. Kengash silga qarshi yangi vaksinalarni yaratish, shuningdek, ularni litsenziyalash va erta foydalanish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga yordam beradi.
Hozirgi vaqtda dunyodagi yagona litsenziyalangan silga qarshi vaktsina BTsJ, boʼlib, u yuz yil oldin ishlab chiqilgan. Goʼdaklar va yosh bolalarda kasallikning ogʼir shakllarini oldini olishda oʼrtacha darajada samarali, ammo butun dunyo boʼylab sil kasalligi tarqalishining qariyb 90 foizini tashkil etuvchi oʼsmirlar va kattalarda tegishli himoyani taʼminlay olmaydi.
JSSTning yangi tadqiqotiga koʼra, agar 50 foiz samarali vaktsina ishlab chiqilsa, 25 yil ichida 76 milliongacha yangi sil kasalligi, 8,5 million oʼlim, 42 million antibiotikli davolash va 6,5 milliard dollar sarflanishining oldini olish mumkin.
Agar 75 foiz samarali vaktsina ishlab chiqilsa, bir vaqtning oʼzida 110 million yangi sil kasalligi va 12,3 million oʼlimning oldini olish mumkin.
JSST tadqiqotchilari, shuningdek, 50 foiz samarali vaktsinaga sarmoya qilingan har bir dollar sogʼliqni saqlash xarajatlarining oldini olish va samaradorlikni oshirishda yetti dollarlik iqtisodiy daromad keltirishi mumkin degan xulosaga kelishdi.