09:56 (21.04.2022)
3498
Reklama bugun kundalik hayotimizning ajralmas bir boʼlagiga aylanib ulgurdiki, koʼcha-koʼyda, jamoat transportida, oila davrasida televizor koʼrib oʼtirganda ham, albatta, qandaydir dori vositalari, biologik faol qoʼshimchalar va xalq tabobati yoʼli bilan davolash haqidagi reklamalarga koʼzimiz tushadi.
Bunday reklamalar nafaqat televizor, radio, matbuotda, balki ijtimoiy tarmoqlarda ham bizni taʼqib etadi. Toʼgʼri, televideniening asosiy daromad manbai reklama ekanini ham tushunish mumkin. Lekin odamning hafsalasini pir qiladigan holatlar koʼp uchrab turadi. Shu bois, koʼp sonli fuqarolarning eʼtirozlaridan keyin aynan televideniedagi reklamalarni kuzatib, biroz tahlil qilsak.
Oʼrganishlar davomida OАVlarda berilayotgan reklamalarning 50 foizdan ortigʼi aynan dori vositasi, biologik faol qoʼshimcha yoki biror bir xalq tabobatiga oid ekanligi maʼlum boʼldi. Reklamalar goʼyo birgina dori vositasi yoki biologik faol qoʼshimcha insonda ogʼriqlarni, asab tarangliklarini va oʼnlab dardlarni davolar ekan-da, degan tasavvur uygʼotadi.
Reklama beruvchilar ham anoyi emas, ular foydalanayotgan soʼzlarni ham tahlil qilib koʼrdik. Dori vositalari yoki biologik faol qoʼshimchalar reklamasida koʼplab dardlarni sanab oʼtib, oxirida shu kasalliklarni davolashda yordam beradi, deyishadi. Xalq tabobatida esa bizga kelsangiz, oʼzingizni yengil his qilasiz, deyiladi.
Lekin isteʼmolchi dori vositasi, biologik faol qoʼshimcha yoki xalq tabobati bilan bogʼliq reklama beruvchiga mana men shularni isteʼmol qildim yoki davolash protseduralarini oʼtkazdinglar, dardimga shifo boʼlmadi-ku, deya eʼtiroz bildirsa, ularni javobgarlikka tortib boʼlmaydi. Chunki reklamada faqatgina “davolashda yordam beradi”, “oʼzingizni yengil his qilasiz” degan vaʼda berilgan.
Eʼtibor bersangiz, birorta reklamada aniq bir dardni davolaymiz, “mana shu dori vositasi shu dardga shifo boʼladi”, “siz shu kasallikdan tuzalasiz”, degan soʼz ishlatilmaydi, bunday vaʼda berilmaydi.
Xoʼsh, ushbu vaziyatga qanday yechim topish mumkin?
Oʼzbekiston taraqqiyatini yangi bosqichida aholi salomatligini mustahkamlash masalasi davlat siyosatining asosiy yoʼnalishlaridan biri sifatida koʼrilayotganini bugun hayotning oʼzi tasdiqlab turibdi. Bu masalaga shaxsan davlatimiz rahbari alohida eʼtibor qaratmoqda.
Xususan, mart oyi oxirida bu borada videselektor oʼtkazib, qator vazifalarni belgilab berdi. Bugun hukumat tomonidan aholi salomatligini yaxshilash borasida berilgan topshiriqlar asosida juda katta tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Аlbatta, bu jarayonda dori vositalari, biologik faol qoʼshimchalar va xalq tabobati bilan bogʼliq reklamalar masalasi ham eʼtibordan chetda qolmasligi kerak. Shu maʼnoda “Аdolat” SDP fraktsiyasi mahsulotlarni sertifikatlash jarayoni, koʼrsatiladigan xalq tabobati bilan bogʼliq xizmatlarni litsenziyalash masalalarini parlament soʼrovi darajasiga olib chiqish kerak, deb hisoblaydi.
Bir soʼz bilan aytganda, salomatlikni hech qanday moddiy boylik va mablagʼ evaziga sotib olib boʼlmaydi. Mustahkam salomatlikka ega insongina oʼzini baxtli his qiladi. Shu nuqtai nazardan, fraktsiya dorilarning shifokor retsepti asosida berilishini yoʼlga qoʼyish hamda dorilar reklamasini cheklash lozim, deb hisoblaydi.
Shuhrat POLVONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʼmitasi raisi oʼrinbosari