Yangiliklar

not found

"Xonadon dori qutisi": Undan foydalanishda qanday talablarga rioya qilish kerak?

Har birimizning uyimizda “xonadon dori qutisi” bor. Bunday “aptechka”lardan qaysi dorilar oʼrin olishi kerak? Ularni saqlash qoidalari qanday? Preparatlardan oʼzboshimchalik bilan foydalanish qanday ogʼir oqibatlarga olib kelishi mumkin? “Dori vositalari, tibbiy buyum, ekspertiza standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmokologik nazorat boʼlimi yetakchi mutaxassisi Ravshan Аbdullaev shu haqdagi tavsiyalari bilan oʼrtoqlashdi. — Dorilarning retsept asosida va retseptsiz beriladigan turlari bor, — deydi mutaxassis. — Birinchi turdagi preparatlar uchun, albatta, shifokor retsepti talab etiladi. Ulardan tibbiyot xodimining tavsiyasi bilangina foydalanish va uy sharoitida saqlash mumkin. Shifokor tavsiya qilgan jarohatga qarshi, isitma tushiruvchi, ogʼriq qoldiruvchi dorilarning retseptsiz beriladigan turlari esa albatta, “xonadon dori qutisi”da boʼlishi maqsadga muvofiq. Biroq baʼzi ota-onalar farzandlari shamollab qolsa, darhol dorixonaga yugurib, oʼzboshimchalik bilan bolasiga antibiotik yoki boshqa turli preparatlarni beradi. Yoki tibbiyotdan yaxshi xabardor boʼlmagan qoʼshnisini chaqirib, analьgin, dimedrol, novokain qoʼshib mazkur aralashmani isitma tushirishda qoʼllaydi. Vaholanki, har bir dori vositasidan foydalanish yoʼriqnomasi va qoʼllash mumkin boʼlmagan holatlar bor. Preparatlarni qabul qilish vaqti va dozalarini shifokor belgilib berishi shart. Аfsuski, bu talablarga toʼliq amal qilinmasligi bemorlarning umumiy holati yanada ogʼirlashishiga olib keladi. Аyniqsa, parenteral, mushak va vena ichiga yuboriladigan antibaktirial dorilarni hech qachon uy sharoitida qabul qilish mumkin emas! Shuningdek, dorixona mutaxassisi tavsiyasi bilangina xarid qilingan preparatlardan ham shifokor maslahatisiz foydalanmaslik kerak. Bundan tashqari, har bir dori uning yoʼriqnomasida koʼrsatilgan harorat va muhitda saqlanishi shart. Qolaversa, yaroqlilik muddati oʼtgan dorilarni ichish nojoʼya taʼsirlar va ogʼir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.Аgar doridan zaharlanish holati kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki bu holat, buyrak, jigar, oʼpka, yurak faoliyatiga salbiy taʼsir koʼrsatib, hatto oʼlim holatiga olib kelishi mumkin. Yurtimizda “Dok-1 Maks” va “Аmbronol” dori vositalari oqibatida bolalar oʼlimi yuz berishi bu borada ehtiyotkorlik, shifokor tavsiyasi naqadar muhim ekanligini yana bir bor koʼrsatdi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali takror-takror ogohlantirilishiga qaramay, baʼzi ota-onalar tomonidan uy sharoitida hanuz ushbu preparatlardan foydalanish holatlari uchrayotgani afsuslanarlidir. Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan uy sharoitida davolanmaslik, "xonadon dori qutisi"dagi preparatlarni saqlash qoidalariga qatʼiy rioya qilish hamda muddati oʼtgan dorilardan foydalanmaslikni soʼraymiz.

  • 7 Yanvar, 11:03
  • Batafsil
not found

DXX: «Dok-1 MАKS» va «Аmbronol» dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan oʼtkazilmagan

Oʼzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan «Quramax Medikal» MChJ hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ masʼul shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 1863-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qoʼzgʼatilgan jinoyat ishi boʼyicha hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Taʼkidlash lozimki, Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan «Dok-1 MАKS» va «Аmbronol» dori vositalarining nojoʼya taʼsiri oqibatida, hozirga qadar «oʼtkir buyrak yetishmovchiligi» tashxisi bilan davolangan bemor bolalar hayotdan koʼz yumgan. «Quramax Medikal» MChJ tomonidan mamlakatimizga import qilingan ushbu preparatlar «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan oʼtkazilgan hamda ularga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan. Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ masʼul xodimlari tomonidan meʼyoriy-huquqiy hujjat talablari qoʼpol ravishda buzilib, ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan oʼtkazilmaganligi natijasida, sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yoʼl qoʼyilgan. Jinoyat ishi doirasida «Quramax Medikal» MChJning 2 nafar rahbar xodimlari hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJning 2 nafar masʼul xodimlari gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirilgan. Koʼrilgan chora-tadbirlar natijasida «Quramax Medikal» MChJ tomonidan Hindiston davlatidan Oʼzbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining bojxona nazoratidan oʼtkazilishi toʼxtatildi hamda mamlakatimiz dorixonalaridagi bunday preparatlar yigʼib olindi. Hozirda bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda. «Quramax Medikal» MChJga tegishli dori vositalarini Oʼzbekistonda belgilangan tartibda roʼyxatdan oʼtkazilganligi hamda sogʼliqni saqlash tizimidagi mutasaddi xodimlarning ushbu holat boʼyicha amalga oshirgan harakatlarini tekshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hurmatli fuqarolar, shu oʼrinda, ehtimoliy salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, mazkur mavzuga oid tekshirilmagan yoki asossiz maʼlumotlarni tarqatmasligingizni soʼraymiz.

  • 6 Yanvar, 12:45
  • Batafsil
not found

Toshkent viloyatida shu kunga qadar “DOK-1 MAKS” dorisidan oʻlim holati kuzatilmagan

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent viloyatida (Oʻrtasaroyda) ”Dok-1 Maks“ dori vositasini isteʼmol qilgan 2 yoshli bola vafot etdi”, degan mazmundagi xabarlar tarqalmoqda. Ushbu xabar yuzasidan Toshkent viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qiladi: Hozirgi kungacha Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialiga “DOK-1 MAKS siropi” isteʼmoli natijasida zaharlanish belgilari bilan 9 nafar bola olib kelingan. Ulardan 5 nafari sogʻayib, uyiga qaytarildi, 4 nafarining ahvoli esa barqaror holatda, ularga tegishli standartlar asosida muolajalar davom ettirilmoqda. Shuni qayd etish kerakki, Toshkent viloyatidagi sogʻliqni saqlash muassasalarida shu paytgacha “DOK-1 MAKS” preparatidan zaharlanish tufayli oʻlim holati kuzatilmagan. Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, hozirda hududlardagi barcha dorixonalarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va tuman-shahar tibbiyot birlashmalari xodimlari tomonidan oʻrganish olib borilib, “Quramax” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari yigʻishtirib olingan. Aholi orasida dori-darmonlarni shifokor koʻrsatmasisiz, palapartish isteʼmol qilishning salbiy oqibatlari boʻyicha shifokor va patronaj hamshiralari tomonidan uyma-uy yurib, tushuntirish olib borilmoqda. Bu jarayonda xonadonlardagi shaxsiy dori qutilari ham koʻzdan kechirilmoqda.

  • 5 Yanvar, 16:48
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech