14:00 (16.12.2022)
2451
14 dekabrь kuni BMT Bosh assambleyasi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʼgʼrisida”gi rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqulladi.
Ushbu rezolyutsiyani qabul qilish taklifi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2020 yilda BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan edi.
Rezolyutsiyada COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslikni taʼminlagan holda keng koʼlamli, barqaror va izchil tiklanishni qoʼllab-quvvatlash maqsadida hamjihatlik, birdamlik va har tomonlama hamkorlikka sodiqlikni mustahkamlashda parlamentlarning muhim oʼrni qayd etiladi.
Bosh assambleya davlatlarni parlamentlarni qoʼllab-quvvatlashga, ularni BRMga erishish boʼyicha kelgusi faoliyat va ularning erishilishini kuzatish jarayonlariga, ayniqsa, ixtiyoriy milliy maʼruzalarni tayyorlashga jalb qilish, shuningdek, milliy masʼuliyat va hisobdorlikni taʼminlash va kuchaytirish uchun ularga yordam berishga chaqiradi.
Xotin-qizlarning qonun chiqaruvchi organlar ishida va parlament jarayonlarida toʼliq, teng huquqli va taʼsirchan ishtirokiga koʼmaklashish orqali BRMga erishishni jadallashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning markaziy omili sifatida gender tenglikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
2030 yilga qadar boʼlgan davrdagi kun tartibining muvaffaqiyatli amalga oshirilishida yoshlarning oʼrni va hissasi muhimligi, yoshlarning parlament jarayonlarida toʼliq, teng huquqli va taʼsirchan ishtirokini taʼminlash zarurligi eʼtirof etilgan.
Dunyoning barcha qitʼalaridagi 80 ta davlat, shu jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlari, Аvstriya, Bangladesh, Bahrayn, Belьgiya, Germaniya, Jazoir, Ispaniya, Indoneziya, Italiya, Kolumbiya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Misr, Niderlandiya, Norvegiya, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Singapur, Finlyandiya, Frantsiya, XXR, Shvetsiya, Yaponiya, Qatar va boshqalar hujjatning hammualliflari boʼldi.
BMT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar rezolyutsiyani olqishladilar. Rezolyutsiya parlamentlar uchun oʼziga xos dasturilamal boʼlishi, BRMni jadal amalga oshirish boʼyicha saʼy-harakatlarini faollashtirishi qayd etilmoqda.
Parlamentlararo ittifoq ushbu hujjatni 2023 yil sentyabrь oyida BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasining Oliy darajadagi haftasi doirasida boʼlib oʼtadigan BRM sammitiga tayyorgarlik yoʼlidagi muhim qadam sifatida baholadi.