10:10 (06.03.2023)

3248

Grippdan koʼra uning asoratlari xavfli

Gripp xavfli kasallikmi? Bu borada shifokorlarning yakdil xulosasi bor. Ularning taʼkidlashicha, xastalikning oʼzidan koʼra, asoratlari koʼproq xavfli. Chunki virusli toksinlar qon tomirlari devorlarining kasalliklarga nisbatan himoya qobiliyatini susaytirib yuboradi. Oqibatda infektsiyalar qon oqimi orqali ichki organlarga yetib borib, yalligʼlanish oʼchoqlarini hosil qiladi.

Xoʼsh, qanday simptomlar gripp asoratlaridan dalolat beradi? Mutaxassislar ushbu savolga javoban quyidagi alomatlarni sanab oʼtadi:

Kuchli charchoq va holsizlik. Bu belgilar bemorlar sogʼayganidan bir necha hafta oʼtib, bezovta qiladi. Аgar ushbu holat jismoniy faollik chogʼida nafas qisishi bilan birga kechsa, demak, yurak faoliyatida qandaydir buzilishlar kuzatilayotgan boʼlishi mumkin. Bunday vaziyatda “oʼtib ketar”, “tuzalib qolarman” deya vaqt yoʼqotmasdan, terapevt va kardiolog shifokorga murojaat qilish lozim. Chunki mazkur alomatlar yurak mushagi yalligʼlanishi – miokarditga ham xos. U oʼz vaqtida davolanmasa, yurak yetishmovchiligiga sabab boʼlishi ehtimoli katta.

Kuchli nam yoʼtal va 37,5 darajadan yuqori tana harorati. Odatda oʼpka yalligʼlanishi shu simptomlar bilan namoyon boʼladi. U koʼpincha grippdan tuzalgandan soʼng 7-10 kun ichida rivojlanadi. Qattiq terlash va haddan tashqari zaiflik ham ushbu kasallik boshlanayotgani belgisi boʼlishi mumkin. Bunday holda oilaviy shifokorga zudlik bilan murojaat qilish lozim.

Peshob ajratish chogʼida kesuvchi ogʼriq va beldagi noxushlik. Bunday holatlar viruslar taʼsiridan ikki hafta oʼtib rivojlanadi va grippning buyraklardagi asoratini ifodalaydi. Shu bois terapevtga borib, qon va peshob tahlilini topshirish maqsadga muvofiq.

Eng asosiy tavsiya: grippga chalinganda shifokor tomondan belgilangan muolajalarni oxirigacha olish shart. Tuzalgandan soʼng ham yana ikki hafta davomida jismoniy zoʼriqishdan tiyilib, asta-sekin faol hayotga qaytgan maʼqul. Koʼproq hordiq chiqarish, issiq kiyinish va aholi gavjum joylardan qochishga harakat qilish tavsiya etiladi. Qolaversa, grippdan sogʼaygandan keyin ikki hafta oʼtgach, umumiy qon tahlilini topshirish zarur. Bu tanada yalligʼlanish jarayoni boshlangani yoki yoʼqligini aniqlash imkonini beradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech