10:30 (20.02.2023)
3478
Bepul tibbiy xizmat, tibbiyot sharoitlari va mutaxassislar... Bu talablar nafaqat shaharlarda qondirilishi, balki respublikaning istalgan hududida toʼliq mavjud boʼlishi kerak. Kun.uz muxbiri Qoraqalpogʼistonga safar qilib, olis va ogʼir hududlardagi shifo maskanlarining sharoitlari bilan tanishdi.
Oʼtgan yili Taxiatosh tumanidagi Taxiatosh IES yonida yangi diagnostika markazi qurib, foydalanishga topshirilgan. Osiyo taraqqiyot banki hisobidan qurilib, eng zamonaviy tibbiyot apparatlari bilan jihozlab berilgan poliklinikada sifatli va bepul tibbiy xizmat koʼrsatish doimiy monitoring qilib boriladi. Eʼtiborimizni tortgani poliklinikada MRT uskunasining ham oʼrnatilgani boʼldi.
Shuningdek, diagnostikani oʼrganish chogʼimizda UZI, EKG, mammografiya uskunalari bilan jihozlangan tibbiyot avtokarvoni ham yetib keldi. Ularning vazifasi esa aholini tibbiy koʼrikdan oʼtkazib, maʼlum-nomaʼlum kasalliklarni aniqlash, oldini olish yoki davolash choralarini koʼrishdan iborat.
Yaqin hududlarda yashovchi mahalliy aholi mazkur koʼchma shifoxonalarda bepul koʼrikdan oʼtish uchun erta tongdan navbatlar band qilishdi.
Sogʼliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ayni paytda vazirlik tasarrufida 15 ta mobil mammografiya kompleksi mavjud. Ular yordamida koʼkrak bezi saratonini erta aniqlash uchun mamlakatimizda ilk bor barcha hududlar mammografiya skriningi bilan qamrab olinadi. Bu tibbiyot karvoni tez orada sizning mahallangizda ham xizmatda boʼladi.