17:46 (17.07.2023)
2326
Shu yil 15 iyul kuni «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordam sifatida ajratilgan «S» gepatitiga qarshi «Daklatasvir» dori vositasining oʼninchi qismini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Mazkur insonparvarlik yordamida Oʼzbekiston Prezidentining 2023 yil 20-21 fevral kunilari Misrga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar hamda davlatimiz rahbarining «Gepatit S» kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolash boʼyicha» saylovoldi tashabbusining ijrosi doirasida Misr sogʼliqni saqlash vazirligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida amalga oshirildi.
Umumiy hajmi 114 qutida 3 ming donadan ortiq «Daclatasvir-60 mg» dori vositalari Oʼzbekiston Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.
Qayd etish joizki, Misr gepatit «V» va «S» viruslariga qarshi kurashda dunyo miqiyosida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan.
Misr Sogʼliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʼra, mamlakat aholisi ushbu kasallikdan butunlay forigʼ boʼlgan va bu haqida vazir Xalid Аbdugʼaffor joriy yilning 21-30 may kunlari Jeneva shahrida boʼlib oʼtgan Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining 76-sessiyasida maʼlum qildi. Xalqaro tashkilot mutaxassis va ekspertlari Misrning ushbu yoʼnalishdagi yutuqlarini oʼrgandi va joriy yilning iyunь oyida tegishli hisobot eʼlon qilishi hamda gepatit «S» virusi batamom barham topilgani haqidagi shahodatnoma Misr hukumatiga taqdim etilishi kutilmoqda.