14:42 (19.01.2023)

3842

SSV: Oʼzbekistonda immunobiologik preparatlar va onkologik kasalliklarni davolovchi dori vositalari ishlab chiqariladi

Аmrillo Inoyatov,
Oʼzbekiston Sogʼliqni saqlash vaziri:

— Prezidentimizning Singapurga davlat tashrifi doirasida farmatsevtika yoʼnalishi boʼyicha ikkita kelishuv bitimi imzolandi. Ushbu mamlakatning “Meynxardt Grup” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan Loyihalashtirish va injiniring markazi bilan immunobiologik preparatlar ishlab chiqaruvchi, umumiy qiymati 49 million АQSh dollariga teng farmatsevtika korxonasi ochilishi belgilandi.

Unga muvofiq, yurtimizda kasalliklar profilaktikasi va davolash jarayonida qoʼllaniladigan quyidagi preparatlar tayyorlash yoʼlga qoʼyiladi:

-vaktsina, anatoksin, probiotik va eubiotiklar;
-immunoglobulin va immun zardoblari, gen injenerligi yoʼli bilan olingan monoklonal antitanalar;
-immun korrektsiyasi, immun tanqisligi muolajasi va profilaktikasida qoʼllaniladigan immunomodulyatorlar (interleykin, interferon, timus gormonlari, mielopeptidlar, oʼsma nekrozi omili, oʼsish omillari va boshqalar).

Bundan tashqari, “SiPiDji Interneyshnl” kompaniyasi hamkorligida ochilayotgan Oʼzbekiston — Singapur investitsiya korxonasi bilan ildiz hujayralari asosida dori vositalari tayyorlovchi biofarmatsevtika kompleksini tashkil etishga qaratilgan qiymati 100 million dollarlik loyihani roʼyobga chiqarishga kelishildi.

Maʼlumki, ildiz hujayralari oʼz-oʼzidan koʼpayish, mitoz yordamida boʼlinish va maxsus hujayralar hosil qilish, yaʼni turli aʼzo va toʼqimalarga aylana olish xususiyatiga ega. Zamonaviy tibbiy amaliyotda ulardan onkologik, xususan, leykoz kabi qator kasalliklarni davolashda foydalaniladi.

Ildiz hujayralari yordamida jarohat yoki degenerativ xastaliklar natijasida oʼzgarishga uchragan toʼqimalarni tiklash mumkin. Shu maʼnoda, loyihaning amalga oshirilishi tufayli onkologik kasalliklar muolajasi, koʼmik toʼqimalari transplantologiyasi hamda markaziy asab tizimi hujayralarini tiklashda qoʼllaniladigan biofarmatsevtik vositalar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech