Yangiliklar

not found

Dorixonada beriladigan tovar va kassa cheki nima uchun kerak?

"Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʼgʼrisida"gi nizomda, dorixonada dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan birga sotib oluvchiga: ✅ identifikatsiya maʼlumotlari (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori),✅ dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarining nomi, ularni beruvchi shaxsga oid maʼlumotlar,✅ berish sanasi va narxi koʼrsatilgan tovar cheki taqdim etilishi belgilangan. Xarid uchun chek berish majburiymi? Yurtimizda 2020 yilning yanvarь oyidan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarga oʼtish jarayoni boshlandi. Dorixonalarda har bir xarid QR kodli chek berish bilan birga amalga oshirilishi lozim. Bunday cheklar qonuniy faoliyatdan guvohlik beradi. Ular faqat onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalar orqali beriladi. Maʼlumot oʼrnida, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq: ✅ toʼlov terminali orqali qabul qilingan toʼlovlar uchun xaridorlarga terminal cheki bilan birga onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart; ✅ xarid chekida tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qoʼshilgan qiymat soligʼi stavkasi, shuningdek QR kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu maʼlumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi. Oʼzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 221-moddasiga koʼra: Nazorat-kassa texnikasining va (yoki) hisob-kitob terminallarining qoʼllanilishi majburiy boʼlgani holda, ularni qoʼllamasdan savdo qilish va xizmat koʼrsatish, chek bermaslik, toʼlovni hisob-kitob terminali orqali qabul qilishni rad etish besh million soʼm miqdorida jarima solishga sabab boʼladi. ❗️Hurmatli isteʼmolchilar. Аgar dorixonada tovar cheki birishni rad etish holatiga duch kelsangiz, shuningdek Sizga QR kodli chek berilmasa va plastik karta orqali xarid qilganingizda narx oshirilsa, Coliq qoʼmitasining (71) 244-98-98 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin. Tovar cheklarining ahamiyatli tomoni shundaki, agar isteʼmolchida dori vositasining narxi oshirilganligi xususida shubha yuzaga kelsa, uni aniqlash tovar cheklari orqali amalga oshiriladi. Muzaffar Rajabov,Toshkent viloyati soliq boshqarmasi mutaxassisi

  • 6 Fevral, 09:44
  • Batafsil
not found

Sifati kafolatlanmagan “Seftriaksion” va “Kardiomagnil” dori vositasi toʼxtatib qolindi

Fargʼona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish boʼlimi xodimlari tomonidan olingan tezkor maʼlumotlar asosida viloyat DXX va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro N.B. boshqaruvidagi kobalьt rusumli avtotransport vositasi Toshloq tumanida joylashgan fuqaro yashash xonadonidan chiqayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari va xolislar ishtirokida koʼzdan kechirilganida avtomashina saloni va yukxonasida hech qanday hujjatlarsiz sifati kafolatlanmagan 16 400 dona “Seftriaksion” nomli dori vositalari borligi aniqlandi. Bu haqda Fargʼona viloyati bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda. Shundan soʼng, mazkur xonadon tegishli tartibda koʼzdan kechirilganida xonadonda yana 8 000 dona “Seftriaksion” nomli dori vositalari borligi maʼlum boʼldi. Ushbu xonadon egasining Toshloq tumanidagi yana bir xonadoni ham koʼzdan kechirilganida bu yerda ham hech qanday hujjatlarsiz sifati kafolatlanmagan 800 dona “Seftriaksion” va 40 000 dona “Kardiomagnil” nomli dori vositalari borligi aniqlandi. Oʼtkazilgan tezkor tadbir davomida dastlabki umumiy qiymati 171 200 000 soʼmlik 2 turdagi jami 65 200 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari ashyoviy dalil tariqasida olindi. Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

  • 3 Fevral, 09:37
  • Batafsil
not found

Toshkent shahri va viloyatida salkam 20 ming dona narkotik modda aniqlandi

Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʼtkazildi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati. Keltirilishicha, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan «Chinor» YPX maskanida Cobalt toʼxtatilib, tekshirilgan. Natijada haydovchi — Fargʼona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi, 1989 yilda tugʼilgan shaxs va unda yoʼlovchi sifatida ketayotgan, Fargʼona tumanida istiqomat qiluvchi, 1986 yilda tugʼilgan fuqaro 10 864 dona «Regapen» hamda 1995 dona «Tropikamid» kuchli taʼsir qiluvchi dorilarini Toshkent shahriga olib ketayotgani maʼlum boʼldi. Tezkor tadbir davom ettirilib, Sergeli tumanida bu dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida Yashnobod tumanida yashovchi, 1988 yilda tugʼilgan, muqaddam sudlangan ayol va Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi, 1990 yilda tugʼilgan fuqaro ushlandi. Yana bir holatda Toshkent halqa avtomobilь yoʼlining Bektemir tumani hududidan oʼtgan qismida toʼxtab turgan Cobalt koʼzdan kechirilganda uning salonida boʼlgan, Fargʼona tumanida yashovchi, 1996 yilda tugʼilgan ikki fuqaro 5450 dona «Regapen» va 466 dona «Tropikamid» kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini Fargʼona viloyatidan Toshkent shahriga olib kelgani maʼlum boʼlib, ushbu dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Yana bir holatda Namangan-Toshkent yoʼnalishida harakatlanayotgan Cobalt poytaxtga kiraverishdagi «Sharq» YPX maskanida toʼxtatilib tekshirildi. Natijada unda yoʼlovchi sifatida ketayotgan, Uchqoʼrgʼon tumanida yashovchi, 1980 yilda tugʼilgan ayolga tegishli sumkada 590 dona «Selofen» va 478 dona «Tropikamid» kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Surishtiruv harakatlari davomida u dori vositalarini Toshkent shahrida kutib turgan, 1991 va 1997 yillarda Jizzax viloyatida tugʼilgan ikki fuqaroga olib borib berishi kerakligi maʼlum boʼlib, Sergeli tumanida ushbu shaxslar ham dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, Chilonzor tumanidagi mehmonxonaning ular vaqtincha joylashgan xonasidan 137 dona «Selofen» va 11 dona «Tropikamid» kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Barcha kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari Qirgʼizistondan noqonuniy yoʼllar bilan olib kelingani maʼlum boʼldi. Hozirda holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

  • 2 Fevral, 11:20
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech