News

not found

Raqamli markirovka. Bu tizim nima uchun kerak?

Raqamli markirovkalash — bu tovar aylanmasini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi. Raqamli belgilar qoʼllanilishi mahsulot haqidagi barcha maʼlumotlarni olish imkoniyatini beradi. Jumladan, ishlab chiqaruvchining nomi, tayyorlangan tovar yoki sotiladigan joy, sana va vaqt, yaroqlilik muddati, standart raqami kabi maʼlumotlar maxsus kod ostiga joylashtiriladi. Maʼlumotlar davlat axborot tizimida saqlanadi. Bu tizim Davlat darajasida tovarlarning raqamli markirovkasi “qora” bozorda tovar aylanmasini qisqartiradi, soliq va bojxona toʼlovlari tushumini oshiradi, nazorat qilishni tashkil etish uchun sarflanadigan xarajatlarni kamaytiradi. Qolaversa, ekspertlar fikricha, Oʼzbekiston uchun raqamli markirovkalash tizimi oʼta zarur va uni oʼz vaqtida joriy etishga kirishilgan.  KOʼHNА TАRIX VА ZАMONАVIY QR-KOD Mutaxassislarning taʼkidlashicha, eramizdan avvalgi davrda ham tovarlarni markirovkalash boʼyicha dastlabki saʼy-harakatlar boʼlgan. Xususan, arxeologik qazishmalar tufayli topilgan xumlarda mahsulot nomi, uzum navi, qaysi joyda va qachon tayyorlangani haqida qaydlar boʼlgan. 1901 yil 11 dekabrda muhandis Gulьelьmo Markoni morze alifbosi orqali boshqa qitʼaga birinchi signalni joʼnatishga muvaffaq boʼladi. Bu, oʼz navbatida, amerikalik aspirantlarni skanerga joylashtirilgan axborotni oʼquvchi shtrix-kod yaratishga ilhomlantirdi. Hozirgi paytda bu borada ikki oʼlchamli radiosignalli kodlar, masalan, QR-kod va RFID qaydlaridan keng foydalanilmoqda. QR-kod belgisi keyingi paytda hayotimizning ajralmas qismiga aylanib boryapti. Oq fonda sirli qora katakchalar tushirilgan tasvirlarni hamma joyda uchratamiz. Uni mahsulotlar, kommunal toʼlovlar yorliqlarida, jurnal va gazeta sahifalarida ham koʼrishimiz mumkin. Аslida bu belgi koʼp miqdordagi axborotlarni uzatish yoki undan foydalanishni soddalashtirishda qoʼl kelmoqda. Shu bois, butun dunyoda elektron toʼlovlarni amalga oshirishda mazkur texnologiya beminnat dastyorga aylangan. — Raqamli markirovkalash tizimi Yevropa Ittifoqi davlatlari, Braziliya, Аrgentina, Kanada, Filippin, Rossiya va Qozogʼistonda faol qoʼllanilmoqda, — deydi “CRPT Turon” MChJning operatsiya jarayonlari boʼyicha direktori Oleg Kuzmin. — Masalan, Frantsiya Yevropaning dori-darmonni markirovkalagan birinchi mamlakati sanaladi. Bu jarayon joriy etilganidan bir yil oʼtib, davlat byudjetiga daromadlar 1,7 milliard dollar oshgan, oʼz navbatida, bu qoʼshni mamlakatlarda ham dori-darmonni markirovka qilish uchun jiddiy turtki berdi.  Rossiyada birinchilardan boʼlib moʼynali palьtolar markirovka qilingan. Bir qarashda ularni markirovkalashga hojat yoʼqqa oʼxshaydi, bu turdagi kiyim koʼp xarid qilinmaydi va qalbakilashtirish darajasi ham nihoyatda past, deb oʼylash mumkin. Markirovkalash joriy etilgach, moʼynali palьtolarning rasmiy savdosi 10 barobar oshdi. Shuningdek, tamaki mahsulotlari markirovka qilinganidan soʼng yoʼq joydan ilgari mahsulot ishlab chiqarish va soliqsiz sotish bilan shugʼullanib kelgan 18 ta zavod paydo boʼldi. Ular oʼz faoliyatini qonuniylashtirishga majbur boʼldi. Xitoyda esa majburiy markirovkalash boʼyicha qatʼiy qoidalar yoʼq: bu masala bilan davlat emas, balki oʼz mahsulotlarini qalbakilashtirishdan himoya qilish istagidagi tadbirkorlik subʼektlarining oʼzi shugʼullanadi. DORI VOSITАLАRI Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 apreldagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda dori va tibbiy mahsulotlarni  raqamli markirovkalash tizimi 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2022 yilning 1 sentyabridan birinchi guruhga mansub ikkilamchi (tashqi) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori (orfan dori vositalari bundan mustasno) vositalari, 2022 yilning 1 noyabridan ikkinchi guruhga mansub birlamchi (ichki) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori (agar ikkilamchi (tashqi) oʼram mavjud boʼlmasa) va dorivor angro mahsulotlar (orfan dori vositalari bundan mustasno)ni markirovkalash boshlangan.   2023 yilning 1 martidan eʼtiboran orfan (kam uchraydigan kasalliklarga tashxis qoʼyish va ularni davolash uchun moʼljallangan dori vositalari) markirovkasi boshlandi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu turdagi dorilar koʼproq qalbakilashtiriladi va ularning aslligini taʼminlash juda muhim. Shu sababli bu toifadagi vositalar alohida guruhga kiritilgan. 2025 yil 1 fevraldan boshlab,  toʼrtinchi guruh — belgilangan tartibda tasdiqlangan roʼyxatga kiritilgan tibbiy buyumlar markirovkalanadi. Bunda tibbiy buyumlar roʼyxati Davlat soliq qoʼmitasi va Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur mahsulotlarni raqamli markirovkalash yuzasidan oʼtkazilgan tajriba loyihasi natijalariga asosan tasdiqlanadi.

  • 3 March, 09:12
  • Read more
not found

Tibbiyot xodimining kasbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Bugun Senatning oʼttiz yettinchi yalpi majlisida “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga qoʼshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi. Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda taʼsir oʼtkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Bunda ushbu noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan oʼn baravarigacha miqdorda jarima solish yoki oʼn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish jazosi kiritilmoqda. Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 197-7-moddasida tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda taʼsir oʼtkazganlik haqidagi ishlarni koʼrib chiqish belgilanmoqda. Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 305-moddasiga muvofiq mazkur toifadagi ishlarni koʼrib chiqish muddati uch sutkani tashkil etishi qayd etilmoqda. Qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilib, ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini oladi. Shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga oʼz vaqtida va sifatli tibbiy yordam koʼrsatilishiga xizmat qiladi.

  • 2 March, 15:55
  • Read more
not found

Belorussiyada dorixonalar oʼrtasidagi masofa belgilandi

Belorussiyada dorixonalar orasidagi minimal masofa belgilab qoʼyildi. Аholi turar-joylarida ular bir-biridan 500 metr radiusda joylashgan boʼlishi kerak. Bitta binoda agar u yirik savdo markazi boʼlsa, bir nechta dorixonalarni ochishga ruxsat beriladi.  Belorussiyada dorixonalar orasidagi minimal masofani belgilaydigan yangi qonun qabul qilindi. Shunday qilib, umumiy maydoni 5 ming kvadrat metrgacha boʼlgan savdo markazlarida faqat bitta dorixona, 5-10 ming kvadrat metrlik savdo markazlarida esa ikkitadan koʼp boʼlmagan dorixonaga ruxsat etiladi. 10 ming kvadrat metrlik savdo markazida uchtagacha dorixona boʼlishi mumkin. Aholi punktlarida 500 metr radiusda bitta shoxobcha ochishga ruxsat beriladi, bu haqda mamlakat Sogʼliqni saqlash vazirligining milliy huquqiy internet-portalida joylashtirilgan tegishli qarorida qayd etilgan. Shahar va tumanlar, qishloq joylarda xizmat koʼrsatish radiusi kamida 1000 metr boʼlgan masofada ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va tayyor dori vositalari bilan savdo qiluvchi dorixonalarni ochish mumkin, deyiladi qarorda. Dorixonaning xizmat koʼrsatish radiusi yangi ochilgan dorixonadan piyodalar va transport yoʼllari boʼylab eng yaqin 2-3 ta dorixonagacha boʼlgan barcha masofalarning oʼrtacha arifmetik qiymati sifatida aniqlanadi. Masalan, eng yaqin 2 ta dorixonagacha boʼlgan masofa 800 va 1200 m, dorixona xizmat koʼrsatish radiusi: (800 + 1200): 2 = 1000 (m). Mahalliy ijro etuvchi va boshqaruv organlarining arxitektura va shaharsozlik boshqarmasining eng yaqin dorixonalargacha boʼlgan masofa toʼgʼrisidagi maʼlumotnomasi ushbu hisob-kitob uchun asos boʼladi.

  • 2 March, 12:16
  • Read more
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech