16:38 (24.01.2023)

4323

JSST mamlakatlarni ishlab chiqariladigan va sotiladigan dori vositalari ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi

 Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti sifatsiz va qalbakilashtirilgan tibbiy mahsulotlarning paydo boʼlish holatlarining oldini olish, aniqlash va ularga chora koʼrish boʼyicha dunyo davlatlariga murojaat bilan chiqdi.

Murojaatda taʼkidlanishicha, oxirgi toʼrt oy ichida 7 ta davlat yuqori kontsentratsiyalarda dietilenglikolь (DEG) va etilenglikolь (EG) bilan tasdiqlangan yoki shubhali ifloslanishi boʼlgan bolalar uchun retseptsiz yoʼtal siroplaridan foydalanishning bir necha holatlari haqida xabar bergan.

«Bular sanoat erituvchilar va antifrizlar sifatida ishlatiladigan zaharli kimyoviy moddalar boʼlib, ular kichik miqdorda ham oʼlimga olib kelishi mumkin va hech qachon dori-darmonlar tarkibida boʼlmasligi kerak», deyiladi JSST xabarida.

Ushbu mamlakatlarning uchtasida 300 dan ortiq oʼlim holatlari sodir boʼlgan, halok boʼlganlarning aksariyati besh yoshgacha boʼlgan bolalar boʼlib, ular sifatsiz dori vositalarini isteʼmol qilgan.

JSST ushbu davlatlarning hisobotlariga tayanib, mazkur holatlar boʼyicha uchta global tibbiy ogohlantirishlarni eʼlon qilgan: 2022 yil 5-oktabrda — Gambiyada yoʼtalga qarshi siroplarni ichishdan 69 nafar bola vafot etgani haqida, 2022 yil 6 noyabrda — Indoneziyada 10 oy ichida besh yoshgacha boʼlgan 133 bola yoʼtalga qarshi va istima tushuruvchi dorilarni ichishi oqibatida buyraklarining ishdan chiqishi hamda 11 yanvarda — Oʼzbekistonda «Dok-1 Maks» dorilarini ichishdan 20 nafar bola vafot etgani haqida.

JSST tartibga soluvchi organlar va hukumatlarni ogohlikka chaqiradi:

  • JSST ogohlantirishlarida oʼlimning potentsial sababi sifatida qayd etilgan har qanday sifatsiz tibbiy mahsulotlarni aniqlash va savdodan olib tashlash;
    bozorga sotiladigan barcha tibbiy buyumlar vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangani va litsenziyalangan yetkazib beruvchilardan olinishini taʼminlash;
    ishlab chiqarish maydonlarini xalqaro meʼyorlar va standartlarga muvofiq tekshirishni takomillashtirish va koʼpaytirish uchun resurslarni ajratish;
    dori vositalari bozorlari, shu jumladan, norasmiy bozorlar ustidan nazoratni kuchaytirish, sotishga chiqarilgan tovarlarning tibbiy buyumlarini sinovdan oʼtkazish;
    sifatsiz va kontrafakt dori vositalarini ishlab chiqarish, tarqatish va/yoki ulardan foydalanishga qarshi kurashishga qaratilgan qonunlar va boshqa huquqiy chora-tadbirlarni qabul qilish va amalga oshirish.

JSST dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga ham murojaat qilgan:

  • yordamchi farmatsevtika vositalarini faqat malakali va nufuzli yetkazib beruvchilardan sotib olish;
    mahsulotlarni qabul qilish va ishlab chiqarishda ishlatishdan oldin har tomonlama sinovdan oʼtkazish;
    sinov natijalari boʼyicha sertifikatlashtirish orqali mahsulot sifatini taʼminlash;
    hodisalarni tekshirish paytida tergovni osonlashtirish uchun materiallarni xarid qilish, sinovdan oʼtkazish, ishlab chiqarish va tarqatish boʼyicha aniq va toʼliq yozuvlarni saqlash.


Bundan tashqari, JSST tibbiy mahsulotlarning barcha yetkazib beruvchilari va distribyutorlarini quyidagilarga chaqirgan:

  • ular tarqatayotgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining qalbakilashtirilganlik belgilari va jismoniy holatini doimo tekshirib turish;
    dori vositalarini faqat vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan manbalardan tarqatish;
    dori vositalari va ularni taqsimlashning aniq va toʼliq hisobini yuritish;
    dori vositalari bilan ishlashga malakali xodimlarni jalb etish va aholiga dori vositalaridan toʼgʼri foydalanish boʼyicha maslahat berish.

 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech