12:16 (02.03.2023)
2359
Belorussiyada dorixonalar orasidagi minimal masofa belgilab qoʼyildi. Аholi turar-joylarida ular bir-biridan 500 metr radiusda joylashgan boʼlishi kerak. Bitta binoda agar u yirik savdo markazi boʼlsa, bir nechta dorixonalarni ochishga ruxsat beriladi.
Belorussiyada dorixonalar orasidagi minimal masofani belgilaydigan yangi qonun qabul qilindi. Shunday qilib, umumiy maydoni 5 ming kvadrat metrgacha boʼlgan savdo markazlarida faqat bitta dorixona, 5-10 ming kvadrat metrlik savdo markazlarida esa ikkitadan koʼp boʼlmagan dorixonaga ruxsat etiladi. 10 ming kvadrat metrlik savdo markazida uchtagacha dorixona boʼlishi mumkin. Aholi punktlarida 500 metr radiusda bitta shoxobcha ochishga ruxsat beriladi, bu haqda mamlakat Sogʼliqni saqlash vazirligining milliy huquqiy internet-portalida joylashtirilgan tegishli qarorida qayd etilgan.
Shahar va tumanlar, qishloq joylarda xizmat koʼrsatish radiusi kamida 1000 metr boʼlgan masofada ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va tayyor dori vositalari bilan savdo qiluvchi dorixonalarni ochish mumkin, deyiladi qarorda. Dorixonaning xizmat koʼrsatish radiusi yangi ochilgan dorixonadan piyodalar va transport yoʼllari boʼylab eng yaqin 2-3 ta dorixonagacha boʼlgan barcha masofalarning oʼrtacha arifmetik qiymati sifatida aniqlanadi. Masalan, eng yaqin 2 ta dorixonagacha boʼlgan masofa 800 va 1200 m, dorixona xizmat koʼrsatish radiusi: (800 + 1200): 2 = 1000 (m). Mahalliy ijro etuvchi va boshqaruv organlarining arxitektura va shaharsozlik boshqarmasining eng yaqin dorixonalargacha boʼlgan masofa toʼgʼrisidagi maʼlumotnomasi ushbu hisob-kitob uchun asos boʼladi.