15:30 (17.02.2025)
333
Huquq organlari vakillaridan iborat maxsus gurux tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxsning Toshkent shahar Yunusobod tumanida ijaraga olingan xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Bu yerda kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni tayyorlashga moʻljallangan yashirin narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlandi.
Mazkur xonadonda hamda poytaxtning Uchtepa tumani va Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi xonadonlarda pregabalin, tropikamid, trilon kabi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, ularni tayyorlashda foydalaniladigan prekursorlar, qayta ishlash va taqsimlashga moʻljallangan tarozi, kolba, mikser kabi laboratoriya jihozlari, dorilarni solishga moʻljallangan plastik boʻsh idishlar borligi aniqlandi.
Oʻtkazilgan keng qamrovli tezkor tadbirlar natijasida yashirin "narkolaboratoriya"dan jami ogʻirligi 19 kg 225 gr "pregabalin", 2 kg 960 gr "tropikamid", 1,2 kg “trilon” kuchli taʼsir qiluvchi moddalari, 20 litr xlorid kislotasi, 19 nomdagi 1746 dona laboratoriya uskuna va jihozlari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.