10:00 (24.08.2026)
72
Jahon sogʻliqni saqlash tizimida umumiy tibbiy xizmatlar qamrovini hech boʻlmaganda oʻrtacha darajaga yetkazish uchun taxminan 34,4 million nafar shifokor, hamshira, akusher, stomatolog va farmatsevt yetishmaydi.
Bu haqda The Lancet Public Health jurnalida chop etilgan tadqiqotda maʼlum qilingan. 1990-yildan buyon dunyoda tibbiyot xodimlari soni mutlaq koʻrsatkichlarda deyarli uch barobar oshganiga qaramay, hozir ham 34,4 million nafar tibbiy mutaxassisga ehtiyoj mavjud.
Mutaxassislarga boʻlgan eng yuqori ehtiyoj Janubiy Osiyoning ayrim hududlari hamda Janubiy Afrikada saqlanib qolmoqda. Tadqiqot mualliflarining fikricha, ushbu mintaqalarda tibbiyot xodimlari soni hanuz dunyodagi eng past koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi.
Tadqiqot Global Burden of Disease 2023 (Kasalliklarning global yuki tadqiqoti) maʼlumotlariga asoslangan boʻlib, unda 1990-yildan 2023-yilgacha boʻlgan davrda 204 ta mamlakat va hududdagi 20 toifadagi tibbiyot xodimlari — shifokorlar, hamshiralar, akusherlar, farmatsevtlar, stomatologlar va jamoat salomatligi sohasi mutaxassislari boʻyicha jins kesimidagi maʼlumotlar ilk bor keltirilgan.
Ushbu maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda dunyoda 122,1 million nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritgan. Ular orasida:
Tibbiyot xodimlarining har oʻn nafaridan yetti nafari ayollar hisoblanadi. Hamshiralar orasida ayollarning ulushi 80,7 foiz, akusherlar orasida esa 96 foizga yetgan.
Shu bilan birga, shifokorlar orasida ayollar ulushi 50 foizdan kam boʻlgan.
Stomatologiya va farmatsevtika sohalarida ham shunga oʻxshash holat kuzatiladi — ayollar oliy maʼlumotli mutaxassislardan koʻra koʻproq assistent sifatida faoliyat yuritgan.
Bu holat tibbiyotda kadrlar soni bilan bir qatorda kasbiy imkoniyatlar va mehnatga haq toʻlashdagi gender tafovutlari masalasi ham dolzarb ekanini koʻrsatadi.
Tadqiqotda dunyo aholisi uchun tibbiy xizmatlarning samarali umumiy qamrovi indeksini 100 balldan 80 ballga yetkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha kadrlar ham hisoblangan. Buning uchun yana:
- 23,9 million nafar hamshira va akusher,
- 7,1 million nafar shifokor,
- 1,8 million nafar stomatolog,
- 1,6 million nafar farmatsevt kerak bo'ladi.
Qoʻshimcha ehtiyojning uchdan biridan koʻprogʻi Janubiy Osiyo mintaqasi hissasiga toʻgʻri keladi. Bu hududda 2,6 million nafar shifokor hamda 10 million nafar hamshira va akusherga ehtiyoj mavjud.
Demak, yetishmovchilikning eng katta qismi hamshiralar va akusherlar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu esa zamonaviy tibbiyotda nafaqat shifokorlar, balki oʻrta tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislarni tayyorlashga ham katta eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatadi.