10:18 (30.09.2026)
89
Yaponiyaning Osaka prefekturasida tibbiyot olamida tub burilish yasagan noyob operatsiya o‘tkazildi. Og‘ir yurak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan bemorga indutsiyalangan ildiz hujayralaridan (IPS) tayyorlangan «yurak plastiri” ko‘chirib o‘tkazildi.
Ushbu ishlanma Osaka universiteti huzuridagi Qualips kompaniyasi tomonidan yaratilgan bo‘lib, ReHeart nomini olgan. U regenerativ tibbiyot sohasida iPS-hujayralari asosida amaliyotga joriy etilgan dunyodagi birinchi mahsulotdir.
ReHeart qanday ishlaydi?
Tarkibi: iPS-hujayralaridan o‘stirilgan yurak mushaklari (kardiomiotsitlar) qatlamidan iborat.
Ta’siri: Yurakka o‘rnatilgach, qon tomirlarining tiklanishini rag‘batlantiruvchi moddalar ajratadi.
Natijasi: Yurakning qon haydash funksiyasini yaxshilaydi yoki barqarorlashtiradi.
Kimlar uchun: Ishemik kardiomiopatiyaning og‘ir shakliga chalingan bemorlar uchun mo‘ljallangan.
Amaliyot miokard infarktini boshidan kechirgan 50 yoshli ayolda o‘tkazildi. Bor-yo‘g‘i 50 daqiqa davom etgan operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Bemor yaqin 2-4 hafta ichida uyiga javob berilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: 2012-yilda yaponiyalik olim Sinya Yamanaka ildiz hujayralari bo‘yicha tadqiqotlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Yaponiyada regenerativ tibbiyot ustuvor yo‘nalishga aylandi. iPS-hujayralari kimoviy ta’sir ostida inson organizmidagi har qanday to‘qimaga aylanish xususiyatiga ega.