11:00 (16.10.2026)
188
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bayonotida taʼkidlanishicha, har yili dunyo boʻylab 3,5 milliondan ortiq inson qoʻrgʻoshindan zaharlanish oqibatida vafot etadi. Bu modda, ayniqsa, bolalar salomatligi uchun jiddiy xavf tugʻdiradi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, qoʻrgʻoshindan zaharlanish keng tarqalgan, ammo oldini olish mumkin boʻlgan salomatlik uchun xavf hisoblanadi. U har yili jahonda 3,5 milliondan ortiq oʻlim holatiga sabab boʻlishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, yuz millionlab bolalar qoʻrgʻoshin taʼsiriga uchrash xavfi ostida.
Tashkilot xalqaro hamjamiyatni qoʻrgʻoshinning inson organizmiga taʼsirini kamaytirish va uning oldini olish boʻyicha choralarni kuchaytirishga chaqirdi.
Qoʻrgʻoshinning inson salomatligiga zararli taʼsiri turli manbalar orqali yuzaga kelishi mumkin. Ular qatoriga boʻyoqlar, oshxona idishlari, kosmetika vositalari, ziravorlar, chiqindilarni hunarmandchilik usullarida qayta ishlash jarayonlari, sanoat ifloslanishi va boshqa manbalar kiradi.
JSST taʼkidlashicha, qoʻrgʻoshin taʼsirining xavfsiz darajasi mavjud emas. Hatto nisbatan kam miqdordagi qoʻrgʻoshin ham inson salomatligiga qaytarib boʻlmaydigan zarar yetkazishi mumkin.
Soʻnggi oʻn yilliklarda zaharlanishning oldini olish borasida muayyan yutuqlarga erishilganiga qaramay, dunyoda mamlakatlarining yarmidan kamrogʻi tarkibida qoʻrgʻoshin boʻlgan boʻyoqlarni nazorat qilish boʻyicha qonunan majburiy choralarni joriy etgan.