14:32 (14.10.2026)

216

30 yilda 12 ta mamlakatda dorilarga majburiy litsenziyalash qo‘llanilgan

Majburiy litsenziyalash qanday holatlarda qo‘llaniladi va u farmatsevtika bozori uchun nima anglatadi?

1995–2025 yillarda dori vositalariga majburiy litsenziya berish mexanizmi dunyoning 12 ta mamlakatida qo‘llanilgan. Asosan, epidemiyalar, favqulodda vaziyatlar va muhim preparatlar taqchilligi yuzaga kelganda foydalaniladigan ushbu mexanizm xalqaro amaliyotda istisno chorasi hisoblanadi.

Bu haqda «Infarma” farmatsevtika kompaniyalari assotsiatsiyasi hamda Sankt-Peterburg davlat kimo-farmatsevtika universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda ma’lum qilindi.

 Majburiy litsenziyalash nima?

Majburiy litsenziyalash — patent egasining roziligisiz, qonunchilikda belgilangan shartlar asosida patentlangan dori vositasidan foydalanish yoki uni ishlab chiqarishga ruxsat berish mexanizmi. U ayrim holatlarda muhim preparatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va jamoat salomatligini himoya qilishga xizmat qilishi mumkin.

Tadqiqotda Braziliya, Germaniya, Zimbabve, Hindiston, Indoneziya, Kolumbiya, Malayziya, Tailand, Rossiya, Ekvador, Misr va Ruandadagi tajriba o‘rganilgan. So‘nggi holat Kanadada ishlab chiqarilgan dori vositasini Ruandaga eksport qilish uchun berilgan ruxsat bilan bog‘liq.

Qaysi turdagi dorilarga nisbatan ko‘proq qo‘llanilgan?

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 30 yil davomida majburiy litsenziyalash 32 ta xalqaro patentlanmagan dori nomi (XPN)NI qamrab olgan.

Eng ko‘p holatlar virusga qarshi preparatlarga to‘g‘ri kelgan — 11 ta mamlakatda ushbu guruhdagi dorilarga nisbatan majburiy litsenziyalar berilgan.

Keyingi o‘rinda o‘sma kasalliklarini davolashda qo‘llaniladigan preparatlar turadi. Jumladan, Hindiston, Rossiya, Tailand va Ekvadorda patent egalarining roziligisiz bunday dori vositalarini ishlab chiqarishga ruxsat berilgan.

Rossiyada 2018–2025 yillarda majburiy litsenziyalash beshta dori vositasiga nisbatan qo‘llanilgan. Ular qatoriga remdesivir, semaglutid, lenalidomid, sunitinib hamda ivakaftor, tezakaftor va eleksaftor kombinatsiyasi kiradi. Shu tariqa, mexanizm virusga qarshi va o‘sma kasalliklariga qarshi preparatlardan tashqari, qandli diabet hamda mukovissidozni davolashda qo‘llaniladigan vositalarni ham qamrab olgan.

Bundan tashqari, 2025-yil oxirida Rossiya hukumati «PSK Farma” kompaniyasiga tedizolid antibiotigini himoya qiluvchi patentlardan foydalanishga ruxsat bergan.

Patent egalariga qancha haq to‘lanadi?

Majburiy litsenziyalashda patent egasiga to‘lanadigan haq miqdori mamlakatlarga qarab farq qiladi. Tadqiqotda keltirilishicha, bu ko‘rsatkich Indoneziya, Rossiya va Tailandda 0,5 foizni, Hindistonda esa 6 foizni tashkil etgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, davlatlar mazkur mexanizmni milliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirish vositasi sifatida emas, balki aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘ilganda qo‘llaniladigan eng so‘nggi chora sifatida ko‘radi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech