13:04 (07.10.2026)

175

O‘zbekistonning dori narxlarini maqbullashtirish siyosati xalqaro mukofot bilan e’tirof etildi

O‘zbekistonda aholining sifatli, xavfsiz va maqbul narxdagi dori vositalari bilan ta’minlanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar xalqaro farmatsevtika hamjamiyati tomonidan e’tirof etildi.

Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining dori vositalari narxlarini maqbullashtirish, referent narxlarni shakllantirish, narxlar monitoringini raqamlashtirish va aholiga ochiq axborot taqdim etishga qaratilgan «Making Medicines Affordable in Uzbekistan: Reference Pricing, Digital Monitoring and Public Access” loyihasi "CPHI Pharma Awards 2026" xalqaro mukofotining «Excellence With Purpose” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

Joriy yilning 6 oktabr kuni Milan shahrida e’lon qilingan mazkur natija O‘zbekistonda aholi manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofidir.

Loyiha doirasida dori vositalari uchun referent narxlarni belgilash, narxlarni muntazam tahlil qilish va monitoringini raqamlashtirish, shuningdek, aholiga dori vositalari narxlari haqida ochiq va qulay axborot taqdim etish mexanizmlari takomillashtirilmoqda.

Referent narx tizimining asosiy maqsadi — dori vositalari narxining asossiz oshirilishining oldini olish, bozorda adolatli narx shakllanishini ta’minlash va aholi uchun dori vositalarini yanada maqbul narxlarda xarid qilish imkoniyatini yaratishdan iborat.

"CPHI Pharma Awards" farmatsevtika sohasida innovatsiya, samaradorlik, hamkorlik va ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni e’tirof etadi. «Excellence With Purpose” nominatsiyasi esa bemorlar va jamiyat manfaatlariga qaratilgan, ijobiy ijtimoiy ta’sirga ega loyihalarni baholaydi.

O‘zbekiston loyihasining mazkur nominatsiyada g‘olib deb topilishi mamlakatda dori vositalari narxlarini maqbullashtirish, shaffoflikni ta’minlash va raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro professional hamjamiyat e’tiboriga tushganini ko‘rsatadi.

Bu - O‘zbekiston farmatsevtika tizimi uchun muhim xalqaro e’tirof bo‘lib, aholi manfaatlariga yo‘naltirilgan islohotlarni izchil davom ettirishga yana bir turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech