13:00 (28.09.2026)
148
Kuzda sovuq havoga tayyorgarlik ko‘rish va organizm holatini baholash uchun bir nechta qon tahlillarini topshirish mumkin, ular qatoriga umumiy qon tahlili, biokimoviy qon tahlili, lipid profili, shuningdek, D vitamini, ferritin va qalqonsimon bez gormonlari tahlillari kiradi.
Ko‘pchilik uyquchanlik, befarqlik va tez-tez shamollashni “kuzgi tushkunlik” yoki vitaminlar yetishmasligi bilan izohlaydi. Ammo bu belgilar ortida aniq tibbiy sabablar — temir yoki D vitamini yetishmasligi, qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi yoki yashirin yallig‘lanish bo‘lishi mumkin.
Kuzgi tekshiruvni umumiy qon tahlilidan boshlagan ma’qul. U gemoglobin — kislorodni a’zolar va to‘qimalarga tashuvchi oqsil — miqdorini ko‘rsatadi. Gemoglobinning pasayishi kuzdagi charchoq, uyquchanlik va holsizlikning keng tarqalgan sabablaridan biridir. Shuningdek, tahlil leykotsitlar darajasi orqali yallig‘lanish belgilari va trombotsitlar bilan bog‘liq o‘zgarishlarni aniqlashga yordam beradi.
Anemiyasi bor odamlar shamollash kasalliklariga ko‘proq moyil bo‘lishi mumkin. Shuning uchun O‘RVI mavsumi oldidan gemoglobin darajasi meyorda ekanini tekshirish muhim.
Biokimoviy qon tahlili ichki a’zolar faoliyati haqida ma’lumot beradi. Shuningdek, lipid profiliga (umumiy xolesterin, LPNP, LPVP va triglitseridlar) alohida e’tibor berish kerak. U yurak-qon tomir kasalliklari xavfini baholash uchun qo‘llanadi.
Ammo kuzda eng muhim ko‘rsatkichlardan biri — D vitamini va ferritin. D vitamini “quyosh vitamini” deb ataladi. Kunduzgi yorug‘lik vaqti qisqarishi bilan uning terida hosil bo‘lishi ham kamayadi. Kuz va qishda D vitamini yetishmasligi immunitet pasayishi, charchoq, mushaklarda kuchsizlik va kayfiyat tushishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kuz boshida D vitamini darajasini tekshirish qo‘shimchalar qabul qilish zarurati va dozasini shifokor bilan o‘z vaqtida muhokama qilishga yordam beradi.
Ferritin esa organizmdagi temir zaxiralarini ko‘rsatadi. Hatto gemoglobin darajasi normal bo‘lgan holatda ham ferritin miqdori past bo‘lsa, charchoq, soch to‘kilishi, tirnoqlarning mo‘rtlashishi va jismoniy chidamlilikning pasayishi kuzatilishi mumkin.
Bundan tashqari, kuzgi tushkunlik, holsizlik, befarqlik va emotsional faollikning pasayishi ba’zan qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Qalqonsimon bez gormonlari — T3 va T4 — moddalar almashinuvi, energiya va kayfiyatni boshqarishda ishtirok etadi. Ularning miqdori kamayishi (gipotireoz) ko‘pchilik “kuzgi depressiya” deb o‘ylaydigan belgilarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun shifokor kuzda ushbu gormonlar darajasini ham tekshirishni tavsiya qiladi.