16:00 (21.09.2026)
18
Mikroblarga qarshi preparatlar — antibiotiklar, viruslarga, zamburug‘larga va parazitlarga qarshi vositalar odamlar, hayvonlar va o‘simliklarda yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda davolash uchun xizmat qiluvchi eng muhim dori vositalaridir. Biroq bugungi kunda ularning samaradorligiga rahna solayotgan xavf — mikroblarga qarshi preparatlarga chidamlilik global muammoga aylanmoqda.
Chidamlilik o‘zi nima va u qanday paydo bo‘ladi?
Mikroblarga qarshi preparatlarga chidamlilik bakteriyalar, viruslar, zamburug‘lar va parazitlar ularini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan dori vositalariga nisbatan sezgirligini yo‘qotganda yuzaga keladi. Oqibatda oddiy infeksiyalarni davolash ham qiyinlashadi yoki umuman imkonsiz bo‘lib qoladi. Bu esa kasallikning og‘ir kechishi, nogironlik va hatto o‘lim xavfini keskin oshiradi.
Statistikaga ko‘ra:
➖ 2021-yilda dunyo bo‘ylab bakterial mikroblarga qarshi preparatlarga chidamlilik bilan bog‘liq o‘lim holatlari 4,7 millionni tashkil etgan.
➖ 2023-yilda har oltinchi laboratoriya tomonidan tasdiqlangan bakterial infeksiya antibiotiklarga chidamli bo‘lib chiqqan.
Prognozlarga ko‘ra, hozirgi sur’at saqlanib qolsa, 2035-yilga borib faqatgina rezistent bakterial infeksiyalarni davolash uchun yillik xarajatlar 412 milliard AQSH dollarini tashkil etadi — mehnat unumdorligining pasayishi tufayli yuzaga keladigan yillik zararlar esa 443 milliard AQSH dollari miqdorida baholanmoqda
Buning asosiy sabablari nimada?
- Noto‘g‘ri va haddan tashqari ko‘p antibiotik ichish: Ko‘rsatma bo‘lmaganda yoki shifokor retseptisiz dori qabul qilish.
- Tavsiyalarga amal qilmaslik: Ahvoli yaxshilangach, davolanish kursini chala qoldirish.
- Gigiyena va profilaktikaning yetishmasligi: Toza suv, sanitariya sharoitlarining cheklanganligi hamda tibbiyot va maishiy hayotda infeksiya nazorati pastligi.
- Yangi dorilar yetishmovchiligi: Eskirgan va samarasini yo‘qotgan preparatlar o‘rniga yangilarining juda sekin ishlab chiqarilishi.
Turli sohalardagi xavflar:
Bakteriyalar: E. coli va K. pneumoniae kabi gramotmanfiy bakteriyalar og‘ir sepsis va a’zolar yetishmovchiligini keltirib chiqaradi. Jinsiy yo‘l bilan o‘tadigan gonoreya kasalligida ham ayrim dorilarga chidamlilik 75% ga yetgan.
Ko‘p dori vositalariga chidamli sil (bu silning shunday shakliki, uning bakterial qo‘zg‘atuvchisi eng samarali ikkita silga qarshi preparat — izoniazid va rifampitsinga nisbatan sezgir emas) esa davolashni yanada murakkablashtirmoqda. 2024-yilda birinchi marta aniqlangan sil bemorlari orasida dorilarga chidamli sil bilan og‘rigan shaxslarning taxminiy ulushi 3,2 foizni tashkil etdi, ilgari sildan davolanish kursini o‘taganlar orasida esa bu ko‘rsatkich sezilarli darajada yuqori bo‘lib, 16 foizga yetdi.
Zamburug‘lar: Candidozyma auris kabi chidamli zamburug‘lar ayniqsa, immuniteti past va og‘ir bemorlar uchun o‘ta xavfli.
Viruslar va parazitlar: So‘nggi o‘n yillikda antiretrovirus terapiya (ART) OIV infeksiyasiga chalingan o‘n millionlab insonlarni o‘limdan saqlab qolishga imkon berdi. Shu bilan birga, OIVGA qarshi preparatlarning keng qo‘llanilishi virusning dori vositalariga chidamliligi shakllanishi bilan birga kechdi. OIVning ARV-preparatlarga nisbatan rezistentligi OIV infeksiyasining yangi holatlari sonining ko‘payishiga va o‘lim ko‘rsatkichlarining oshishiga olib kelishi mumkin.
OIVdan tashqari, gripp viruslarining dori vositalariga chidamliligi ham aholi salomatligiga jiddiy tahdid soladi. JSST, shuningdek, dori vositalariga chidamlilikning shakllanishi B va C virus gepatitlarini davolash dasturlari uchun yangi qiyinchiliklar tug‘dirayotganini ta’kidlaydi.
JSST va xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlari
JSSTning 2026–2036 yillarga mo‘ljallangan Global harakat rejasi insonlar, hayvonlar va o‘simliklar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan «Yagona salomatlik” konsepsiyasiga asoslanadi.
Asosiy maqsadlar:
➖ 2030-yilga borib mikroblarga qarshi preparatlarga chidamlilik bilan bog‘liq insonlar o‘limini 10% ga qisqartirish.
➖ Agrooziq-ovqat tizimlarida mikroblarga qarshi vositalarni kamaytirish.
➖ Aholi o‘rtasida xabardorlikni oshirib, tibbiy savodxonlikni yuksaltirish.
➖ Tadqiqotlar va yangi innovatsion dori vositalarini yaratishni jadallashtirish.
Sog‘lom hayot sari tavsiya: O‘zboshimchalik bilan, ayniqsa shamollash va virusli kasalliklarda darhol antibiotiklarga qo‘l urmang. Har qanday dori vositasini faqat shifokor ko‘rsatmasi va retsepti asosida qabul qiling!