12:00 (28.08.2025)
79
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida tibbiyot chiqindilaridan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod ish boshladi.
Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar qildi. 2024-yil 13-aprelda investor, loyiha kompaniyasi va Oʻzbekiston Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida investitsiya shartnomasi imzolangan.
Loyihaning birinchi bosqichida 2024-2025-yillar davomida 7 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish orqali Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarining barcha turdagi tibbiyot muassasalarida yiliga hosil boʻladigan 6 ming tonna tibbiyot chiqindisini termik qayta ishlab, yiliga 20 GVt soat quvvatga ega uskunalarni ishga tushirishi belgilangan.
Ikkinchi bosqichda yaʼni 2026-2030-yillar davomida 108 mln. AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish orqali respublikaning qolgan hududlarida joylashgan barcha turdagi tibbiyot muassasalarida yiliga hosil boʻladigan 90 ming tonna tibbiyot chiqindisini termik qayta ishlab, yiliga 300 GVt soat quvvatga ega uskunalar ishga tushiriladi.
Shunga koʻra, Chilonzor tumanida joylashgan 16-son shahar kasalxonasidagi qurilish-montaj ishlari yakunlanib, insinerator uskunalari olib kelindi va ilk zavod oʻz ishini boshladi. Zavod kuniga 20 soatda 6 tonna chiqindi yoqish quvvatiga ega boʻlib, 3 tonna miqdoridagi tibbiyot chiqindisi yoqilib, bartaraf etilmoqda.
Shu turdagi navbatdagi zavodlar qurilishi ToshMI va SamPI tibbiyot muassasalarida davom etmoqda.