12:00 (07.11.2025)
83
2026-yilda 103 tez tibbiy yordam xizmatida onlayn shifokorlar bilan maslahatlashuv tizimi ishga tushiriladi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Yurtimizda tez tibbiy yordam xizmati ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirilmoqda. Xususan, shu yilning o‘tgan davrida sohada elektron boshqarish tizimi ishga tushirildi.
Buning uchun 2,4 ming nafar dispetcher o‘qitildi. Natijada murojaat manzillariga kechikishlar soni 1,1 foizdan 0,3 foizga kamaydi.
O‘z navbatida, Janubiy Koreyaning KOFIH tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Samarqand viloyatlarida tashkil etilgan simulyatsion o‘quv markazlarida ushbu hududlardagi tez tibbiy yordam brigadalari xodimlarining malakasi oshirildi.
Umuman, o‘tgan sakkiz yil davomida "103" xizmati shoxobchalari soni 818 tadan 1 680 taga, “Tez yordam” brigadalari 1 648 tadan 2 865 taga, bitta chaqiruvga dori-darmon uchun ajratilgan mablag‘ esa 750 so‘mdan 11 800 so‘mga oshdi.
Natijada tez tibbiy yordam brigadalarining chaqiruvga o‘rtacha yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqaga qisqardi.
Kelgusida tizimni raqamlashtirish jarayoni yanada jadallashadi. Xususan, 2026-yilda: “103” xizmatida aholi uchun “Online-shifokor” konsultatsiyalari tizimi joriy etiladi. Sohada qo‘llanilayotgan elektron dasturlar shifoxonalar hamda birlamchi tizim muassasalari bilan integratsiya qilinadi.