08:54 (14.02.2024)
884
Zahiriddin Muhammad Bobur Oʼrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʼziga xos oʼrin egallagan adib, shoir, olim boʼlish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir.
Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan boʼlsa, serjilo oʼzbek tilida yozilgan «Boburnoma» asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi.
Uning nafis gʼazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalari boʼlib, «Mubayyin» («Bayon etilgan»), «Xatti Boburiy», «Harb ishi», Аruz haqidagi risolalari esa islom qonunshunosligi, sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa boʼlib qoʼshilgan.
Hozirda uning 119 gʼazali, bir masnu sheʼri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qitʼalari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham oʼrin olgan.