11:47 (31.05.2024)

1250

31 may — Butunjahon tamakisiz kun

Dunyoda 37 millionga yaqin 13–15 yoshdagi yoshlar tamaki chekadi.

Tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Ushbu oddiy haqiqat haqida koʼp bora eshitsak-da, afsuski, hozirgi kunda butun dunyoda tamaki chekuvchilar soni tobora ortib bormoqda. Аyniqsa, yoshlar orasida bu odatning keng tarqalayotgani achinarli.

Shu sababdan ham joriy yilda Butunjahon tamakisiz kun maxsus yoshlarga moʼljallangan tamaki mahsulotlari paydo boʼlishiga chek qoʼyishga qaratilgan saʼy-harakatlarni qoʼllab-quvvatlashga yoʼnaltirilgan. Bugun butun dunyodagi yoshlar, siyosatchilar hamda tamakiga qarshi kurashish sohasining faollari uchun ushbu muammoni muhokama qilish platformasiga aylanadi. Ular mamlakatlar hukumatlarini yoshlarni tamaki sanoatining turli nayranglaridan himoya qilish uchun zarur choralarni koʼrishga daʼvat etadilar.

Mutaxassislarning fikriga koʼra, tamaki ishlab chiqarish sanoati vakillari bolalar va oʼsmirlarga jozibali boʼlib koʼrinadigan mahsulotlarni yaratayotgani va reklama usullarini oʼylab topayotgani achinarli holdir. Buning uchun tamaki sanoati ijtimoiy media va striming platformalardan keng foydalanmoqda.

Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotiga koʼra, dunyo boʼylab 13–15 yoshdagi 37 million nafar oʼgʼil-qizlar tamakini u yoki bu shaklda isteʼmol qiladi. JSSTning Yevropa mintaqasida esa 13–15 yoshdagi 11,5 foiz oʼgʼil bolalar va 10,1 foiz qizlar (umumiy hisobda 4 million nafar yoshlar) tamaki chekadi.

Tamaki tarkibidagi nikotin qaramlikni keltirib chiqaradi hamda uning isteʼmoli yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari, saratonning 20 dan ortiq turlari va boshqa koʼplab nogironlikka olib keluvchi xastaliklarning rivojlanishi uchun asosiy xavf omilidir. Har yili 8 milliondan ortiq odam tamaki isteʼmoli oqibatlaridan vafot etadi.

Dunyodagi bolalarning deyarli yarmi tamaki tutuni bilan ifloslangan havodan nafas oladi va har yili 65 ming nafar bola atrof-muhitdagi tamaki tutuni taʼsiridan kelib chiqqan kasalliklardan vafot etadi. Homiladorlik paytida chekish esa chaqaloqlarda umr boʼyi davom etadigan jiddiy kasalliklarga olib kelishi mumkin.

Baʼzi mahsulotlar, masalan, elektron sigaretalar, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari va nikotinli snyuslar yoshlar orasida tez ommalashmoqda. JSST maʼlumotiga koʼra, Yevropa mintaqasida 2022 yilda elektron sigaretalarni 12,5 foiz oʼsmirlar va bor-yoʼgʼi, 2 foiz kattalar chekkan. Shuningdek, dunyoning barcha hududlarida bolalar oʼrtasida elektron sigaretani isteʼmol qilish koʼrsatkichlari kattalarnikidan yuqori. Аyrim mamlakatlarda elektron sigaretalarning maktab oʼquvchilari orasida tarqalganligi odatdagi sigaretalarga qaraganda 2-3 baravar yuqori.

— Oʼzbekistonda xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda yoshlarni tamaki mahsulotlaridan himoya qilish maqsadida qator choralar koʼrilmoqda, — deydi Sogʼliqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish boʼyicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov. — Xususan, 2023 yil 24 mayda Oʼzbekiston Respublikasining “Аlkogolь va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʼgʼrisida”gi Qonunining qabul qilinishi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham mamnuniyat bilan qarshi olindi. Joriy yilning 18 mayida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Tamaki mahsulotlari toʼgʼrisidagi texnik reglamenti tasdiqlandi. Hozirda vakolatli organlar tomonidan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi choralar koʼrilib, ularning zarari toʼgʼrisida aholining xabardorligini oshirish boʼyicha targʼibot tadbirlari oʼtkazilmoqda.

Mutaxassisga koʼra, soʼnggi yillarda yurtimizda chekish koʼrsatkichlari amalga oshirilgan choralar tufayli pasaygan, ammo aholining zaif qatlamlarini muhofaza qilish uchun yana qoʼshimcha choralar koʼrish talab etiladi. 

Shu oʼrinda Sogʼliqni saqlash vazirligi har qanday tamaki mahsulotlarini chekish sogʼliq uchun xavfli ekanligi haqida yana bir bor ogohlantirib, bu zararli odatdan yiroq boʼlishga chaqiradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech