16:03 (24.01.2025)
918
Bugun “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruv raisi Salixbayeva Umida Saidovna oxirgi ish kunida yigʻilish oʻtkazdi.
Jamoa 25 yil davomida kompaniyaning rahbari lavozimida ishlab, kompaniya rivojiga munosib hissa qoʻshgan, koʻplab shogirdlar yetishtirgan va Oʻzbekiston farmatsevtikasi rivojida xizmat qilgan ustozga uzoq umr va salomatlik tilab, hurmat, ehtirom koʻrsatishdi.
Salixbayeva Umida Saidovna 1959-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan. 1982-yilda Samarqand Davlat tibbiyot institutini, 2003-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi Oliy biznes maktabini tugatgan.
U.Salixbayeva aspiranturani tamomlagach, 1989-yilda Moskva Revmatologiya ilmiy-tadqiqot institutida tibbiyot fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Soʻng toʻrt yil davomida SamDTI ichki kasalliklar propedevtikasi kafedrasida oʻqituvchi sifatida faoliyat koʻrsatdi. 1995-1998-yillarda Samarqand shahridagi 12-poliklinikaga rahbarlik qildi. 1998-yilda “Asklepiy” xususiy farmatsevtika firmasi direktori lavozimiga taklif etildi.
1999-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda “Dori-Darmon” davlat aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi lavozimiga saylandi.
Yigʻilishda kompaniya jamoasi U. Salixbayeva boshchiligida amalga oshirilgan ezgu ishlarni eʼtirof etdi, xususan ularning rahbarlik faoliyati davomida respublikamizda ikki mingdan ziyod ijtimoiy dorixona va dorixona shoxobchalari tashkil etildi, 2000 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratildi.
2005-yilda assotsiatsiya “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasiga aylantirildi.
2020 yil mart oyida boshlangan karantin tadbirlarida “Dori-Darmon” kompaniyasi koronavirusga chalinib, uyida davolanayotgan bemorlarga dori-darmon vositalari jamlanmasi tayyorlashda, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash markazlariga zarur dori vositalarini yetkazishda koʻmak berdi.
Bir soʻz bilan aytganda U. Salixbayeva yuqori malakali mutaxassis, yaxshi tashkilotchi, davlat organlari tomonidan topshirilgan vazifalar ijrosini taʼminlashda masʼuliyatli rahbar. Atrofdagilardan maslahati va yordamini ayamaydigan gʻamxoʻr va mehribon inson. U oʻzining mehnatsevarligi, xushmuomalaligi, jonkuyarligi va samimiyligi bilan jamoaning hurmat-eʼtibor qozongan ayol.
U.Salixbayeva 2020-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farmoni bilan el-yurt salomatligi muhofazasi yoʻlidagi kamtarona va fidoyi xizmatlari tufayli I darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni hamda Mudofaa vazirligining “Namunali xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Yigʻilish yakunida Boshqaruv Raisi U. Salixbayeva oʻzi bilan yonma-yon, yelkama-yelka ishlab, kompaniya rivojida oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan bir guruh xodimlarga faxriy yorliqlar topshirdi.