16:10 (03.11.2025)
66
Oʻzbekistonda tadbirkorlarga asossiz jarimalar qoʻllangani uchun javobgarlik belgilanishi koʻzda tutilmoqda. Bunga bunday amaliyot koʻp uchrashi va bu uchun jazo yoʻqligi sabab qilib keltirilmoqda.
Biznes ombudsman tomonidan tadbirkorlik subyektiga nisbatan asossiz ravishda jarimalar qoʻllagan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish koʻzda tutilgan qonun loyihasi jamoatchilik uchun eʼlon qilindi.
Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 241−11-moddasi bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra, nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan asossiz ravishda moliyaviy jarimalar qoʻllash, agar bunday holat sud tomonidan qonunga xilof deb topilsa bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Biznes ombudsmanning maʼlum qilishicha, 2024-yil davomida tadbirkorlik subyektlari tomonidan asossiz ravishda qoʻllangan moliyaviy jarimalar boʻyicha sudlarga jami 6370 ta shikoyat arizasi kelib tushgan. Ularning 5280 tasi birinchi instansiya sudlari tomonidan toʻliq qanoatlantirilib, natijada qariyb 1,4 trln soʻm miqdordagi moliyaviy jarimalar bekor qilingan.
2025-yilning birinchi yarmida esa sudlarga 4738 ta shikoyat kelib tushgan boʻlib, ularning 3755 tasi qanoatlantirilgan va natijada qariyb 3,1 trln soʻm miqdordagi jarimalar bekor qilingan.
“Yuqorida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan nazorat qiluvchi organlar tomonidan asossiz ravishda moliyaviy jarimalar qoʻllanishi holatlari amaliyotda koʻp uchramoqda va ushbu jarimalarni notoʻgʻri qoʻllaganlik yuzasidan qonunchilikda maʼmuriy javobgarlik belgilanmagan”, — deydi qonun loyihasi mualliflari.
Qayd etilishicha, maʼmuriy javobgarlikning mavjud emasligi oʻz navbatida, nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan asossiz va hech bir sabablarsiz moliyaviy jarimalarni qoʻllashga sabab boʻlmoqda va ularning masʼuliyatini inkor etmoqda.
“Sudlar tomonidan koʻrib chiqilgan shikoyatlarning asosiy qismi tadbirkorlik subyektlari foydasiga hal etilgani va trillionlab soʻm miqdordagi jarimalar bekor qilinganligi, mazkur muammoning dolzarbligi hamda tizimli yechim zarurligini taqozo etmoqda”, — deyiladi loyiha hujjatida.
Qonun loyihasi muhokamasi 9-noyabrgacha davom etadi.