Yangiliklar

not found

Dori vositalari va tibbiy jihozlar tanqisligi sharoitida ularni tezkor ta’minlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Aholini hayotiy zarur dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida muhim normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2026-yil 5-yanvardagi 24-son buyrug‘i bilan vaqtinchalik tanqisligi yuzaga kelgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatlash sharti bilan tibbiyot amaliyotida qo‘llash va olib kirishga ruxsat berish tartibi tasdiqlandi hamda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami — 3749-son 09.01.2026) Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF–137-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, favqulodda holatlarda, global logistika uzilishlari yoki ishlab chiqarishdagi to‘xtalishlar sabab muhim dori vositalari va tibbiy jihozlar yetishmovchiligi yuzaga kelganda tibbiy yordamning uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan. Yangi nizomga ko‘ra, respublikada vaqtinchalik tanqislik aniqlangan taqdirda dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash bir necha mexanizmlar orqali amalga oshiriladi. Jumladan, mavjud zaxiralarni tibbiyot muassasalari o‘rtasida qayta taqsimlash, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, biroq majburiy sertifikatlashdan o‘tgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni tezkor import qilish imkoniyati yaratiladi. Hujjatda tanqislikni aniqlash, uni baholash va bartaraf etish bo‘yicha doimiy ishchi guruh faoliyati aniq belgilangan. Mazkur guruh tomonidan dori vositasi yoki tibbiy jihozning klinik ahamiyati, aholi qamrovi, muqobil vositalarning mavjudligi, yetkazib berish muddati va zarur minimal hajmlar asosida qarorlar qabul qilinadi. Qabul qilingan qarorlar Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida ochiq e’lon qilinishi tartibi joriy etildi. Shu bilan birga, nizomda import qilinadigan dori vositalari va tibbiy jihozlarning sifati ustidan qat’iy nazorat saqlanib qoladi. Ular majburiy sertifikatlanadi, raqamli markirovkalash talablariga rioya etiladi hamda narx shakllanishida ijtimoiy himoya mexanizmlari qo‘llanadi. Xususan, tanqislik sharoitida olib kirilgan dori vositalariga belgilangan savdo ustamalaridan ortiq narx qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi. Yangi tartib ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar, shoshilinch va intensiv tibbiy yordam, ona va bola salomatligi, onkologiya, yurak-qon tomir hamda hayot uchun muhim bo‘lgan uzluksiz davolash talab etiladigan yo‘nalishlarda dori vositalari va tibbiy jihozlar ta’minotida uzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Mazkur hujjatning qabul qilinishi sog‘liqni saqlash tizimida tezkorlik, shaffoflik va mas’uliyatni kuchaytirib, aholining zarur tibbiy vositalarga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlash yo‘lidagi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

  • 13 Yanvar, 15:20
  • Batafsil
not found

Dunyoda antibiotiklarni retsept bilan berish qachondan boshlangan?

Antibiotiklar XX asr tibbiyotidagi eng muhim kashfiyotlardan biri hisoblanadi. Ular infeksion kasalliklardan millionlab insonlarning hayotini saqlab qoldi va zamonaviy tibbiyot taraqqiyotiga yoʻl ochdi. Biroq vaqt oʻtishi bilan antibiotiklarning nazoratsiz va asossiz qoʻllanilishi jiddiy global muammo — antibiotikka chidamlilik (rezistentlik)ni keltirib chiqardi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti antibiotikka chidamlilikni insoniyat salomatligiga tahdid solayotgan eng katta xavflardan biri sifatida baholaydi. Ana shu xavf antibiotiklarni faqat shifokor retsepti asosida berish amaliyotini joriy etishga turtki boʻldi. Biroq bu jarayon mamlakat va mintaqalarda turlicha kechdi. AQSHda antibiotiklar 1940-yillarda, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi davrida ommaviy qoʻllanila boshladi. Ilk yillarda ularning sotilishi nisbatan erkin boʻlib, qatʼiy nazorat mexanizmlari hali shakllanmagan edi. 1951-yilda qabul qilingan Durham–Humphrey Amendment qonuni AQSH farmatsevtika tizimida burilish nuqtasi boʻldi. Ushbu hujjat dori vositalarini ikki toifaga ajratdi: faqat retsept bilan beriladigan dorilar; retseptsiz (OTC) sotiladigan dorilar. Shu paytdan boshlab antibiotiklar rasman retseptli dori vositalari sifatida belgilandi. Keyingi oʻn yilliklarda, ayniqsa 1960–1970-yillarda antibiotikka chidamlilik muammosi keskinlashgani sababli, AQSH Oziq-ovqat va dori-darmonlar boshqarmasi (FDA) nazoratni yanada kuchaytirdi. Yevropa davlatlarida antibiotiklarni retsept bilan berish jarayoni bir vaqtda va bir xil surʼatda kechmagan. 1950–1960-yillarda Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kabi mamlakatlar antibiotiklarning erkin sotuvini cheklay boshladi. 1960–1970-yillarga kelib esa antibiotiklar deyarli barcha Yevropa mamlakatlarida toʻliq retseptli dori vositalari sifatida mustahkamlandi. Keyinchalik Yevropa Ittifoqi doirasida qabul qilingan umumiy farmatsevtik qoidalar antibiotiklarni barcha aʼzo davlatlarda faqat retsept bilan berilishini kafolatladi. Rossiyada sobiq SSSR vaqtida antibiotiklar rasmiy hujjatlarga koʻra retseptli hisoblangan. Davlatda dorilar uch toifaga boʻlingan:  Retsept bilan beriladigan dorilar: antibiotiklar, gormonal preparatlar, yurak, qon bosimi uchun dorilar.  Retseptsiz dorilar: aspirin, analgin, validol, yod, zelenka, vitaminlar.  Qatʼiy hisobdagi dorilar: tarkibida narkotik va psixotrop boʻlgan dori vositalari.  1991-yildan keyin MDH davlatlarida yuz bergan iqtisodiy va huquqiy oʻzgarishlar natijasida antibiotiklar koʻp yillar davomida  erkin sotildi. Bu esa oʻz-oʻzini davolash, antibiotiklarni asossiz qoʻllash va rezistentlikning tez oʻsishiga olib keldi. Faqat 2010-yillardan boshlab, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining antibiotikka chidamlilikka qarshi global tavsiyalari asosida, Rossiya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston va boshqa MDH davlatlarida antibiotiklarni retsept bilan berish boʻyicha qonunchilik va nazorat tizimlari kuchaytirila boshlandi. Amaliyotda esa qatʼiy nazorat ayniqsa 2020-yillardan keyin sezilarli darajada kuchaydi.  Qozogʻistonda 2020-yil COVID-19 pandemiyasidan soʻng, antibiotiklarni retseptsiz sotish qatʼiy taqiqlandi. 2021-yilga kelib nazorat kuchaytirildi. Qirgʻiziston va Tojikistonda ham retsept bilan dori sotishni qatʼiylashtirish tartibi bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda.  Xulosa Antibiotiklar insoniyat hayotini saqlab qolgan ulkan tibbiy yutuq boʻlishiga qaramay, ularni nazoratsiz qoʻllash xavfli oqibatlarga olib keldi. Shu sababli dunyo mamlakatlari turli davrlarda, turli surʼatlarda boʻlsa-da, antibiotiklarni faqat retsept bilan berish tizimiga oʻtdi. Mutaxassislar taʼkidlashicha, retsept tizimi antibiotikka chidamlilikka qarshi kurashda muhim qadam hisoblanadi. Biroq u samarali boʻlishi uchun qonunchilik bilan bir qatorda jamoatchilik ongi, tibbiy madaniyat va ishonchli nazorat mexanizmlari ham zarur.

  • 9 Yanvar, 17:50
  • Batafsil
not found

JSST jahon tibbiyotidagi 5 ta eng muhim yutuqni eʼlon qildi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2025-yil uchun hisobotni eʼlon qildi: ayrim mamlakatlar oʻn yillar davomida davolab boʻlmaydi, deb hisoblangan kasalliklardan toʻliq xalos boʻldi, shuningdek, sayyorada sil va bezgakdan oʻlim holatlari kamaydi. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) 2025-yilgi hisobotida maʼlum qildi. Jamoat salomatligi sohasidagi 5 ta asosiy yutuq. Tuberkulyoz: Oʻlim darajasi kamaymoqda. Soʻnggi oʻn yil ichida sil kasalligidan vafot etganlar soni sezilarli darajada kamaydi. Ayniqsa, bu borada Afrika va Yevropa mintaqalarida ijobiy tendensiyalar qayd etilib, oʻlim koʻrsatkichlari mos ravishda 46 va 49 foizga pasaydi.  JSST bunday yutuqlar badavom boʻlishi uchun OITS, qandli diabet, chekish va toʻyib ovqatlanmaslik kabi xavf omillariga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur, degan xulosada. Qizamiq: Vaksinalar millionlab insonlar hayotini saqlab qolyapti. Ommaviy emlash tadbirlari natijasida 2000-yillar boshiga nisbatan qizamiqdan oʻlim holatlari qariyb 90% ga kamaydi. Biroq tashkilot ayrim mamlakatlarda emlash qamrovi yetarli emasligi sabab kasallik holatlari ortib borayotganidan ogohlantirdi. Oʻlim holatlari kamayganiga qaramay, dunyo boʻylab qizamiq bilan kasallanish soni oʻsmoqda: 2024-yilda taxminan 11 million nafar kasallanish holati qayd etildi, bu esa 2019-yilga nisbatan qariyb 800 mingtaga koʻp. Ayrim mamlakatlarda xavfli infeksiyalar toʻliq bartaraf etildi Maldiv orollari dunyoda ilk bor OITS, sifilis va gepatit V ning onadan bolaga yuqishini toʻliq toʻxtatgan davlat sifatida eʼtirof etildi. Burundi, Misr va Fiji traxoma xastaligiga, Gvineya hamda Keniya uyqu kasalligiga (afrika tripanosomozi), Nigeriya esa onxotserkozga butunlay barham berishga erishdi. Bezgakka qarshi kurashda yangi bosqich 2025-yilda Gruziya, Surinam va Timor-Leshti “bezgakdan xoli davlatlar” sifatida tan olindi. Afrikaning yana 7 ta mamlakatida bu kasallikka qarshi emlash joriy etildi. Hozir bezgakka qarshi vaksinalar dunyoning 24 davlatida qoʻllanilmoqda. Bunday chora-tadbirlar tufayli sayyoramiz boʻyicha taxminan 170 millionta kasallanish va 1 millionga yaqin oʻlim holatlarining oldi olindi. Emlash dasturlari kengaymoqda Dunyo boʻylab meningit, poliomiyelit, pnevmokokk va rotavirus infeksiyalari, shuningdek, bachadon boʻyni saratonining asosiy sababi boʻlgan inson papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlash qamrovi kengaymoqda.  2025-yil noyabr holatiga koʻra, 86 million nafar qiz OPV ga qarshi vaksina olgan.  2025-yilda Braziliya, Xitoy, Indoneziya, Nigeriya, Pokiston va Ruanda emlash va skrining dasturlarini kengaytirdi, bu esa bachadon boʻyni saratonini toʻliq toʻliq bartaraf etish arafasida turibdi.  Shuningdek, dunyodagi chaqaloqlarning kamida 89% difteriya, qoqshol va poliomiyelitga qarshi kamida bitta dozada vaksina olgan. Biroq JSST ning qoʻshimcha qilishicha, 2024-yilda urushlar, vaksina yetkazib berishdagi uzilishlar va emlashga oid yolgʻon axborotlarning koʻpayishi sababli 20 million bola zarur emlashlarni ololmagan. 

  • 9 Yanvar, 12:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech