Yangiliklar

not found

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarni ko‘rsatish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi. Mazkur qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi va “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida qo‘shimcha xizmatlar hisoblanadigan tibbiy yordam turlari belgilanishini, shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shaxslar tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini olishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmidan ortiqcha tibbiy xizmatlar va boshqa xizmatlar qo‘shimcha xizmatlar bo‘lib, ular pulli asosda amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda. Oilaviy shifokorning yoki tibbiyot brigadasining yo‘llanmasisiz murojaat qilgan fuqarolarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam ham qo‘shimcha xizmat hisoblanadi. Bundan shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish mustasno. Shuningdek, sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatiga olishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Xususan, tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga o‘ziga tibbiyot sohasida, oliy yoki kasbiy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi diplom berilgan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shaxslar ega bo‘lishi belgilanmoqda. Bunda tibbiyot sohasida oliy yoki kasbiy ta’lim to‘g‘risidagi diplom berilganda yakuniy davlat attestatsiyasining natijasiga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlarini samarali ta’minlashga, sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etishga, qonunchilik va malaka talablariga mos kelmaydigan shaxslarning tibbiy hamda farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullanishining oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

  • 14 Yanvar, 09:37
  • Batafsil
not found

Dori vositalari va tibbiy jihozlar tanqisligi sharoitida ularni tezkor ta’minlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Aholini hayotiy zarur dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida muhim normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2026-yil 5-yanvardagi 24-son buyrug‘i bilan vaqtinchalik tanqisligi yuzaga kelgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatlash sharti bilan tibbiyot amaliyotida qo‘llash va olib kirishga ruxsat berish tartibi tasdiqlandi hamda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami — 3749-son 09.01.2026) Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF–137-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, favqulodda holatlarda, global logistika uzilishlari yoki ishlab chiqarishdagi to‘xtalishlar sabab muhim dori vositalari va tibbiy jihozlar yetishmovchiligi yuzaga kelganda tibbiy yordamning uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan. Yangi nizomga ko‘ra, respublikada vaqtinchalik tanqislik aniqlangan taqdirda dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash bir necha mexanizmlar orqali amalga oshiriladi. Jumladan, mavjud zaxiralarni tibbiyot muassasalari o‘rtasida qayta taqsimlash, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, biroq majburiy sertifikatlashdan o‘tgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni tezkor import qilish imkoniyati yaratiladi. Hujjatda tanqislikni aniqlash, uni baholash va bartaraf etish bo‘yicha doimiy ishchi guruh faoliyati aniq belgilangan. Mazkur guruh tomonidan dori vositasi yoki tibbiy jihozning klinik ahamiyati, aholi qamrovi, muqobil vositalarning mavjudligi, yetkazib berish muddati va zarur minimal hajmlar asosida qarorlar qabul qilinadi. Qabul qilingan qarorlar Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida ochiq e’lon qilinishi tartibi joriy etildi. Shu bilan birga, nizomda import qilinadigan dori vositalari va tibbiy jihozlarning sifati ustidan qat’iy nazorat saqlanib qoladi. Ular majburiy sertifikatlanadi, raqamli markirovkalash talablariga rioya etiladi hamda narx shakllanishida ijtimoiy himoya mexanizmlari qo‘llanadi. Xususan, tanqislik sharoitida olib kirilgan dori vositalariga belgilangan savdo ustamalaridan ortiq narx qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi. Yangi tartib ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar, shoshilinch va intensiv tibbiy yordam, ona va bola salomatligi, onkologiya, yurak-qon tomir hamda hayot uchun muhim bo‘lgan uzluksiz davolash talab etiladigan yo‘nalishlarda dori vositalari va tibbiy jihozlar ta’minotida uzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Mazkur hujjatning qabul qilinishi sog‘liqni saqlash tizimida tezkorlik, shaffoflik va mas’uliyatni kuchaytirib, aholining zarur tibbiy vositalarga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlash yo‘lidagi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

  • 13 Yanvar, 15:20
  • Batafsil
not found

Dunyoda antibiotiklarni retsept bilan berish qachondan boshlangan?

Antibiotiklar XX asr tibbiyotidagi eng muhim kashfiyotlardan biri hisoblanadi. Ular infeksion kasalliklardan millionlab insonlarning hayotini saqlab qoldi va zamonaviy tibbiyot taraqqiyotiga yoʻl ochdi. Biroq vaqt oʻtishi bilan antibiotiklarning nazoratsiz va asossiz qoʻllanilishi jiddiy global muammo — antibiotikka chidamlilik (rezistentlik)ni keltirib chiqardi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti antibiotikka chidamlilikni insoniyat salomatligiga tahdid solayotgan eng katta xavflardan biri sifatida baholaydi. Ana shu xavf antibiotiklarni faqat shifokor retsepti asosida berish amaliyotini joriy etishga turtki boʻldi. Biroq bu jarayon mamlakat va mintaqalarda turlicha kechdi. AQSHda antibiotiklar 1940-yillarda, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi davrida ommaviy qoʻllanila boshladi. Ilk yillarda ularning sotilishi nisbatan erkin boʻlib, qatʼiy nazorat mexanizmlari hali shakllanmagan edi. 1951-yilda qabul qilingan Durham–Humphrey Amendment qonuni AQSH farmatsevtika tizimida burilish nuqtasi boʻldi. Ushbu hujjat dori vositalarini ikki toifaga ajratdi: faqat retsept bilan beriladigan dorilar; retseptsiz (OTC) sotiladigan dorilar. Shu paytdan boshlab antibiotiklar rasman retseptli dori vositalari sifatida belgilandi. Keyingi oʻn yilliklarda, ayniqsa 1960–1970-yillarda antibiotikka chidamlilik muammosi keskinlashgani sababli, AQSH Oziq-ovqat va dori-darmonlar boshqarmasi (FDA) nazoratni yanada kuchaytirdi. Yevropa davlatlarida antibiotiklarni retsept bilan berish jarayoni bir vaqtda va bir xil surʼatda kechmagan. 1950–1960-yillarda Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kabi mamlakatlar antibiotiklarning erkin sotuvini cheklay boshladi. 1960–1970-yillarga kelib esa antibiotiklar deyarli barcha Yevropa mamlakatlarida toʻliq retseptli dori vositalari sifatida mustahkamlandi. Keyinchalik Yevropa Ittifoqi doirasida qabul qilingan umumiy farmatsevtik qoidalar antibiotiklarni barcha aʼzo davlatlarda faqat retsept bilan berilishini kafolatladi. Rossiyada sobiq SSSR vaqtida antibiotiklar rasmiy hujjatlarga koʻra retseptli hisoblangan. Davlatda dorilar uch toifaga boʻlingan:  Retsept bilan beriladigan dorilar: antibiotiklar, gormonal preparatlar, yurak, qon bosimi uchun dorilar.  Retseptsiz dorilar: aspirin, analgin, validol, yod, zelenka, vitaminlar.  Qatʼiy hisobdagi dorilar: tarkibida narkotik va psixotrop boʻlgan dori vositalari.  1991-yildan keyin MDH davlatlarida yuz bergan iqtisodiy va huquqiy oʻzgarishlar natijasida antibiotiklar koʻp yillar davomida  erkin sotildi. Bu esa oʻz-oʻzini davolash, antibiotiklarni asossiz qoʻllash va rezistentlikning tez oʻsishiga olib keldi. Faqat 2010-yillardan boshlab, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining antibiotikka chidamlilikka qarshi global tavsiyalari asosida, Rossiya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston va boshqa MDH davlatlarida antibiotiklarni retsept bilan berish boʻyicha qonunchilik va nazorat tizimlari kuchaytirila boshlandi. Amaliyotda esa qatʼiy nazorat ayniqsa 2020-yillardan keyin sezilarli darajada kuchaydi.  Qozogʻistonda 2020-yil COVID-19 pandemiyasidan soʻng, antibiotiklarni retseptsiz sotish qatʼiy taqiqlandi. 2021-yilga kelib nazorat kuchaytirildi. Qirgʻiziston va Tojikistonda ham retsept bilan dori sotishni qatʼiylashtirish tartibi bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda.  Xulosa Antibiotiklar insoniyat hayotini saqlab qolgan ulkan tibbiy yutuq boʻlishiga qaramay, ularni nazoratsiz qoʻllash xavfli oqibatlarga olib keldi. Shu sababli dunyo mamlakatlari turli davrlarda, turli surʼatlarda boʻlsa-da, antibiotiklarni faqat retsept bilan berish tizimiga oʻtdi. Mutaxassislar taʼkidlashicha, retsept tizimi antibiotikka chidamlilikka qarshi kurashda muhim qadam hisoblanadi. Biroq u samarali boʻlishi uchun qonunchilik bilan bir qatorda jamoatchilik ongi, tibbiy madaniyat va ishonchli nazorat mexanizmlari ham zarur.

  • 9 Yanvar, 17:50
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech