09:00 (24.04.2026)
34
Kontakt linzalardan dunyo aholisining taxminan 2% foydalanadi, ularning aksariyati 12 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.
Linzalar ham tibbiy maqsadlarda, ham estetik maqsadlarda qo‘llaniladi. Bugungi kunda yoshlar orasida ko‘z rangini o‘zgartirish maqsadida linza taqish anchagina ommalashgan.
Har bir linza turi maxsus parametrlar bilan tavsiflanadi: material, egrilik radiusi (BC, BCR), linza diametri (D, OAD), optik kuchi, silindr o‘qlari, linzaning markaziy qalinligi va boshqalar.
Kontakt linzalarning ta’sir mexanizmi ko‘zoynak linzalariga o‘xshash — ular yorug‘lik nurini sindiradi va uni ko‘zning tor pardasi (retina)ga to‘playdi.
Kontakt linzalar shartli ravishda ikki asosiy guruhga bo‘lish mumkin:
1. Qattiq kontakt linzalar
Nisbatan kam qo‘llaniladi — taxminan 10% holatlarda. Asosan ko‘zning shox pardasi bilan bog‘liq murakkab kasalliklarni to‘g‘rilashda ishlatiladi.
2. Yumshoq kontakt linzalar
Juda keng qo‘llaniladi (90%dan ortiq holatlarda). Yumshoq linzalarni quyidagi mezonlar bo‘yicha tasniflash mumkin:
— optik ta’siriga ko‘ra (yaqinni va uzoqni ko‘rolmaslikni, astigmatizmni, presbiopiyani (yoshga bog‘liq uzoqni ko‘rolmaslik) to‘g‘rilash uchun),
— materialiga ko‘ra (gidrogel linzalar, silikon-gidrogel linzalar),
— almashtirish muddatiga ko‘ra (kunlik, haftalik, oylik).
Kontakt linzalarni mustaqil ravishda xarid qilish mumkin, ammo quyidagi holatlarda albatta oftalmologga murojaat qilish zarur:
1. Agar inson ilk bor kontakt linza taqishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, albatta shifokor qabulidan boshlash kerak. Mutaxassis to‘liq tekshiruv o‘tkazib, bemorga eng mos linza turini tanlab beradi.
2. Linza taqishda noqulaylik paydo bo‘lsa. To‘g‘ri tanlangan linzalar odatda ko‘zda sezilmasligi kerak. Agar linzadan foydalanganda ko‘rish yomonlashsa yoki noqulayliklar (bosh aylanishi, ko‘zda yot jism hissi) paydo bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish lozim.
3. Muntazam yillik tekshiruv
Agar inson kontakt linza taqsa, demak unda muayan ko‘z muammosi bor (istisno — faqat ko‘z rangi uchun linzalar). Ko‘zda patologiya mavjud bo‘lsa, linza bor-yo‘qligidan qat’i nazar, har 6–12 oyda bir marta to‘liq tekshiruvdan o‘tish kerak.
To‘g‘ri foydalanish qoidalari:
➖ Faqat toza qo‘l bilan taqish/echish
➖ Shikastlangan linzani ishlatmaslik
➖ Konteyner va eritmani har kuni yangilash
➖ Boshqalar bilan almashmaslik
➖ Belgilangan muddatdan ortiq taqmaslik
Qachon linza taqmaslik kerak:
➖ Ko‘z yallig‘langanda (masalan, Konyunktivit)
➖ Shamollash/O‘RVI paytida
➖Ayrim dorilar qabul qilinganda (ko‘z qurishi mumkin)
Kontakt linzalar hammaga ham mos kelavermaydi. Qarshi ko‘rsatmalar mavjud. Ba’zan linza materialiga yoki uni saqlash eritmasiga allergiya ham to‘sqinlik qilishi mumkin.