09:10 (22.04.2026)
103
Yirik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, semirishning eng xavfli davri — bu erta yosh, ya’ni 17–29 yosh oralig‘idir. Aynan shu davrda ortiqcha vazn to‘planishi kelajakdagi salomatlikka eng katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
eClinicalMedicine jurnalida e’lon qilingan tadqiqot mualliflari 620 ming nafar aholi (258 269 erkak va 361 784 ayol) vaznini 17 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan davrda kamida uch marta o‘lchagan.
Ta’kidlanishicha, erkaklarda vazn odatda yoshlikda tezroq oshadi, ayollarda esa butun hayot davomida bosqichma-bosqich ko‘payib boradi. Yoshlikda vazn ortishi ham mushak, ham yog‘ massasi hisobiga bo‘lsa, keyingi yoshlarda asosan yog‘ to‘planishi kuzatiladi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, agar semirish yoshlikda boshlansa va vazn tez oshsa, erta o‘lim xavfi taxminan 70% gacha ortadi. Eng kuchli bog‘liqlik sabablari orasida 2-toifa qandli diabet, gipertoniya, jigar saratoni (erkaklarda) va bachadon saratoni holatlarida qayd etilgan.
Barcha sabablar bo‘yicha erta o‘lim xavfi semirish 30–44 yosh oralig‘ida aniqlanganlarda 57% ga yuqori bo‘lgan. 45–60 yoshda tana massa indeksi 30 dan oshgan shaxslarda esa bu ko‘rsatkich 29% ni tashkil etgan.
17–29 yosh oralig‘ida semirish tashxisi qo‘yilgan erkaklarda 2-toifa qandli diabetdan vafot etish ehtimoli semirmagan erkaklarga nisbatan taxminan 2,1 barobar yuqori bo‘lgan. Erta yoshda, ya’ni 29 yoshgacha ortiqcha vazn to‘plagan ayollarda esa ushbu kasallikdan o‘lim xavfi 2,2 barobar yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, inson qanchalik tez vazn to‘plasa, xavf shunchalik ortishi qayd etilgan.
Yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘liq holatlarda ham kuchli bog‘liqlik kuzatilgan: yosh erkaklarda semirish bo‘lsa yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etish xavfi ortiqcha vazn to‘plamaganlarga nisbatan 2 barobar yuqori bo‘lgan. Ayollarda esa bu xavf biroz yuqoriroq — taxminan 2,2 barobarni tashkil etgan.
Shuningdek, vazn ortishi turli onkologik kasalliklar bilan ham bog‘liq bo‘lib, ayollarda bu xavf barcha yoshlarda saqlanib qoladi.
Kechroq yoshda ham semirish xavfsiz emas: 30–44 yoshda aniqlangan semirish erta o‘lim xavfini 57% ga, 45–60 yoshda esa 29% ga oshiradi. Ayniqsa ayollarda menopauzadan keyin yog‘ to‘qimasi gormonlar manbaiga aylanib, saraton rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin.