13:00 (13.04.2026)

48

Antibiotiklarga chidamlilik sabab 2050-yilgacha 40 mln kishi vafot etishi mumkin

So‘nggi uch yil ichidagi rasmiy statistikaga ko‘ra, dunyo miqyosida har oltita bakterial infeksiyadan biri standart antibiotiklarga nisbatan chidamlilik (rezistentlik) hosil qilgan.

Dori vositalari ta’sir qilmayotgan infeksiyalar bugungi kunda OIV/OITS va bezgakdan ko‘ra ko‘proq odamning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.  Shu bilan birga, 2026-yilga kelib yirik farmatsevtika kompaniyalari tomonidan yangi antibiotiklarni ishlab chiqish ko‘rsatkichi ikki barobarga kamaygan. Agar muammo hal etilmasa, 2050-yilga borib chidamli bakteriyalar 40 milliongacha odamni hayotdan olib ketishi prognoz qilinmoqda.

Real hayotiy fojialar

2022-yil oxirida Shimoliy Karolina (AQSH) shtatida yashovchi kishi Nepalga oilasini ko‘rgani borib kelgach, betob bo‘lib qoladi. Oddiy bakterial infeksiya bo‘lib ko‘ringan xastalikni davolash uchun u AQSHning eng yaxshi shifoxonalariga yotqizilib, eng kuchli antibiotiklar beriladi. Ammo infeksiyani keltirib chiqargan E. coli bakteriyasi barcha mavjud dori vositalariga chidamlilik namoyish etadi va bemor vafot etadi.

“Antibiotiklarga chidamlilik — istalgan vaqtda har birimizga ogohlantirishsiz ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan real muammo. Bizda shunchaki dori yetarli emas”, deydi infeksionist-shifokor Vens Fauler.

Bu yagona holat emas. 2017-yilda Nevadada 70 yoshli ayol AQSHdagi barcha 26 turdagi antibiotikka chidamli bo‘lgan Klebsiella bakteriyasi tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Tibbiyot olimlarining ta’kidlashicha, hozirda shifokorlar bemorlarga antibiotik ta’sir qilmasligi sababli kimyoterapiya, bo‘g‘im almashtirish yoki yurak transplantatsiyasi kabi hayotiy zarur amaliyotlarni o‘tkaza olmayotgan holatlar ko‘paymoqda.

Har oltinchi infeksiya davosiz

JSSTning GLASS (Antimikrob chidamlilikni nazorat qilish global tizimi) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilga kelib dunyodagi har oltinchi infeksiya standart dori vositalariga bo‘ysunmay qolgan. Mutaxassislar 104 davlatdagi 23 milliondan ortiq holatni tahlil qilib, shunday xulosaga keldi.

Bu shuni anglatadiki, agar shifoxonada bir kunda 60 ta bakterial infeksiya aniqlansa, ulardan kamida 10 tasi oddiy dori bilan tuzalmaydi. Avvallari shifokorlar vaziyatni qisman baholagan bo‘lsa, 2015-yilda tashkil etilgan GLASS tizimi hozirda global manzarani ko‘rsatib bermoqda.

Eng xavfli hudud va bakteriyalar

Antibiotiklarga chidamlilik darajasi mintaqalarga qarab farq qiladi. Masalan, Janubi-Sharqiy Osiyo va Sharqiy O‘rta Yer dengizida vaziyat juda og‘ir — har uchta infeksiyadan biri chidamli. Afrikada har beshta infeksiyadan biri rezistent.

Janubiy Osiyo (Hindiston, Pokiston, Bangladesh)da esa 2025–2050-yillar oralig‘ida 11,8 million kishi aynan shu sababli vafot etishi mumkin.

Shifokorlarni eng ko‘p xavotirga solayotgan bakteriyalar — Escherichia coli (E. coli) va Klebsiella pneumoniae. Ular gram-manfiy bakteriyalar bo‘lib, dori o‘tkazmaydigan maxsus himoya qobig‘iga ega. Hozirda ushbu bakteriyalarning 40–55 foizi uchinchi avlod sefalosporin antibiotiklariga (shifokorlar ko‘p yillardan beri bunday infeksiyalarning asosiy davosi sifatida qo‘llaydigan antibiotiklar) umuman bo‘ysunmayapti.

Bundan ham yomonrog‘i, “oxirgi umid” dori vositalari hisoblangan karbapenemlarga qarshi chidamlilik ham oshmoqda. AQSHda bunday infeksiyalar soni 2019-yildan 2023-yilgacha 69 foizga, ularning eng xavfli turi esa 461 foizga ko‘paygan. Shuningdek, 2025-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, keng tarqalgan tanosil kasalligi — gonoreya ham yaqin orada mutlaqo davosiz bo‘lib qolishi mumkin.

Antibiotiklarsiz zamonaviy tibbiyotni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Kesarcha kesish, saratonni davolash, organ transplantatsiyasi yoki oddiy sistit (siydik yo‘llari infeksiyasi) ham dori ta’sir qilmagan taqdirda o‘lim bilan yakunlanishi mumkin. Masalan, AQSHda oddiy sistitni uyda bir dona tabletka bilan davolash o‘rniga, bemorlarni shifoxonaga yotqizib, tomir orqali kuchli preparatlar yuborish holatlari 50 foizga oshgan.

Iqtisodiy zarar ham ulkan: faqatgina Yevropa Ittifoqida bu muammo yiliga 11,7 milliard yevro yo‘qotishga sabab bo‘lmoqda.

Vaziyat og‘ir bo‘lsa-da, ijobiy yangiliklar ham yo‘q emas. 2025-yil dekabr oyida AQSHda ganoreyani davolash uchun so‘nggi o‘n yilliklardagi ilk yangi sinfga mansub zoliflodatsin antibiotiki tasdiqlandi. Shuningdek, bolalar o‘rtasida sanitariya va emlash yaxshilangani sababli, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi ikki barobarga kamaydi.

Biroq yangi dori ishlab chiqish jarayoni bakteriyalarning o‘zgarish tezligidan ancha ortda qolmoqda. 2026-yilda yirik kompaniyalarda atigi 60 ta yangi loyiha ustida ish olib borilmoqda (2021-yilda 92 ta edi).

Ayni paytda superbakteriyalar global iqtisodiyotga yiliga 2 trillion dollarga yaqin zarar yetkazishi mumkin. Agar global choralar ko‘rilmasa, antimikrob rezistentlikning (AMR — mikroblarning dorilarga chidamli bo‘lishi) ortishi yaqin 25 yil ichida global yalpi ichki mahsulotdan har yili 1,7 trillion dollar yo‘qotishga olib keladi.

Bundan AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin. Ushbu davlatlar xorijdagi sog‘liqni saqlash va yordam dasturlariga mablag‘ ajratishni keskin kamaytirgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech