Yangiliklar

not found

O‘zbekistonda bolalar va onalar o‘limi ko‘rsatkichlari kamaydi

Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida onalar va bolalar o‘rtasida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sog‘lomlashtirish dasturlarining amaliyotga joriy etilgani, shuningdek onalar va bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam takomillashtirilishi natijasida onalar o‘limi darajasi 34 foizga, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi 26 foizga kamaygan.  Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi. Respublika miqyosida, hududlarda va tuman (shahar)larda “365 kun /24 soat” tamoyiliga asosan onalar va bolalarga ko‘rsatiladigan yordamni nazoratga olish, tahlil qilish, kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari va poliklinikalarda bolalar bo‘limlari tashkil etilgan. Shuningdek, barcha “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha 20 ming bolalar hamishirasi hamda patronaj-doya lavozimi joriy etilgan. Tuman, (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida “bolalar bo‘limlari”, “qizlar salomatligi” bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning yarim yilida 1 962 ta kardioxirurgik, 460 endoskopik, 583 ta neyroxirurgik yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, 2985 nafar bolalarda nogironlikning oldi olingan. Bundan tashqari, 200,2 ming nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar audioskriningdan o‘tkazilib, 267 nafar bolaga koxlear implantat o‘rnatilgan va eshitish qobiliyati tiklangan. Majlisda deputatlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etib, tibbiyot muassasalarini dori vositalari, tibbiy uskuna va sarflov ashyolari bilan to‘liq ta’minlash choralarini ko‘rish, bunda kafolatlangan paket, bazaviy narxlar va imtiyozli kontingentni ixtisoslashgan tibbiy yordamga yo‘llash tartibini qayta ko‘rib chiqish lozimligini qayd etdilar. Shuningdek, tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va shifoxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni oxiriga yetkazish choralarini ko‘rish sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi.

  • 30 Iyul, 17:33
  • Batafsil
not found

Issiq kunlarda dori vositalarini qanday saqlash kerak?

Har bir dori vositasining qo‘llash yo‘riqnomasida ularni to‘g‘ri saqlash qoidalari va shartlari yozilgan bo‘ladi. Masalan, ba’zi preparatlar muzlatkichda, ayrimlari xona haroratida, yana bir turkumi quruq yoki qorong‘u joyda saqlanishi kerak. Biroq yozning jazirama kunlarida bu talablarga alohida rioya qilish zarur. Chunki issiq havo ularning xususiyatlarini o‘zgartiradi va quyosh nurida qolib ketgan dorilar sog‘lik uchun zararli vositaga aylanishi mumkin. "Farmatsevtik mahsulotlar xavfsizligi markazi" davlat muassasasi Farmakologik nazorat bo‘limi boshlig‘i Elvira Svechnikova bu haqda o‘z tavsiyalarini berdi. — Avvalo, antibakterial preparatlar, surtma va gellar, gormonal dorilar, vitaminlar, plastir hamda tibbiy shamchalarni issiqdan himoya qilish lozim, — deydi mutaxassis. — Misol uchun, kremlar, surtma, shamchalar yuqori haroratda erigach, dorivor moddalarning ichki tarkibida qayta taqsimlanish jarayoni sodir bo‘ladi va hatto keyingi qayta sovitish ham ularni saqlay olmaydi. Bundan tashqari, avtomashinalardagi birinchi yordam to‘plamlarini esdan chiqarmaslik kerak: ularni issiqda ham, sovuqda ham mashinada qoldirib bo‘lmaydi. Hamma dori vositasini muzlatkichda saqlash noto‘g‘ri! Xona harorati deganda, odatda 15°-25° daraja, shuningdek iqlim sharoitiga ko‘ra 30°S gacha bo‘lgan harorat nazarda tutiladi. Bunday paytda dori vositalarini tibbiyot qutichasida jamlab, shkafda saqlashingiz maqsadga muvofiq. 8°dan 15° gradusgacha bo‘lgan salqin muhitda ayrim dori vositalarini muzlatkichda saqlashga ruxsat beriladi. Bunda 8°C dan past haroratda fizik-kimyoviy xususiyatlari o‘zgarishi mumkin bo‘lgan dori vositalari (damlamalar, suyuq ekstraktlar va boshqalar)ni muzlatkichda saqlash mumkin emas. Farmatsevtika mahsulotlarini sovuq joyda saqlash deganda 2°C dan 8°C gacha bo‘lgan mikroiqlim muhiti tushuniladi. Bunda dori-darmonlarni muzlatkichning devoriga yaqin joylashtirib, ularning muzlab qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Odatda, shamchalar (svecha), turli ko‘z tomchilari, linimentlar, inyeksiya eritmalari, ferment tabletkalari shu tarzda saqlanadi. Muzlatkichning bir tokchasida dori vositalari va oziq-ovqatlar yonma-yon turishi qat’iyan man etiladi. Preparatlarni saqlashda yorug‘lik va namlikdan himoya qilish kabi talablarga ham e’tibor berish zarur. Agar ko‘rsatmada "qorong‘u joyda saqlang" deb yozilgan bo‘lsa, unda siz dori qadog‘ini yorug‘likdan to‘liq himoya qilishingiz kerak. Quruq joyda havo namligi 50 foizdan oshmasligi lozim.

  • 30 Iyul, 12:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech