15:14 (21.05.2024)
746
Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʼra, saraton dunyodagi oʼlim holatlarining asosiy sabablaridan biri boʼlib, 2020 yilda undan deyarli 10 million nafar inson olamdan oʼtgan, bu har olti oʼlimdan bittasi degani.
Xoʼsh, ushbu kasallikning kelib chiqishiga nima sabab boʼladi va ularning oldini olish mumkinmi?
Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining boʼlim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Olimjon Imomov gapirib berdi:
— Kasallik sabablardan biri — saraton keltirib chiqaruvchi kantserogen moddalar. Isteʼmol qiladigan ovqat va ichimliklar tarkibida, nafas oladigan havoda yoki tamaki tutunida koʼplab zaharli kantserogen moddalar mavjud. Shu sababli, tabiiy, sogʼlom ovqatlanish, zararli odatlar, yaʼni tamaki, nos va chilim chekishdan voz kechish, atrof muhitni, havoni ozoda saqlash — onkologik kasalliklar bilan kasallanish ehtimolini bir necha 10 barobarga kamaytiradi.
Keyingi sabab — inson tanasidagi oʼsma oldi kasalliklari va turli surunkali xastaliklardir. Аgar biz oʼz vaqtida profilaktik koʼriklardan oʼtib tursak, va aniqlangan oʼsma oldi kasalliklari hamda surunkali xastaliklarni samarali davolab, ularni bartaraf qilsak, albatta, keyinchalik saraton bilan kasallanish ehtimolining oldini olgan boʼlamiz.
Shuningdek, turli virusli va bakterial kasalliklar ham baʼzi saraton turlarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Masalan, gepatit V va S viruslari jigar saratoniga, Epshteyn-Barr virusi limfomalarga, Xelikobakter pilori bakteriyasi meʼda saratoniga, Odam papillomasi virusi bachadon boʼyni saratoniga sababchi boʼladi. Shu sababli, ushbu infektsion kasalliklarga qarshi kurash, shu jumladan, ularga qarshi emlanish, bu saraton turlarini karrasiga kamayishiga olib keladi.
Stress ham turli onkologik kasalliklarga olib keluvchi sabablardan biri boʼlib, toʼgʼri turmush tarzini kechirish, yaxshi hordiq chiqarish, hayot ritmini tartibga solish orqali onkologik kasalliklarga chalinishning oldini olish mumkin.
Kam harakatlilik va semirish ham koʼpchilik onkologik kasalliklarga sabab boʼlishi mumkin. Shuning uchun sogʼlom turmush tarzini kechirish, sogʼlom ovqatlanish, badantarbiya va sport bilan muntazam shugʼullanish saraton kasalligi profilaktikasi hisoblanadi.
Bundan tashqari, sogʼlom ovqatlanishga eʼtibor berish turli oshqozon-ichak onkologik kasalliklari, endokrin aʼzolar oʼsmalarining oldini oladi. Juda achchiq, shoʼr, oʼta shirin va turli kimyoviy moddalar bilan ishlov berilgan taomlar isteʼmolini cheklash, meʼyorga rioya qilish tavsiya etiladi.
Umuman olganda, sogʼlom ovqatlanish, atmosfera havosi tozaligiga eʼtibor berish, sogʼlom turmush tarzini kechirish, zararli odatlardan voz kechish, jismoniy faollik, yuqori tibbiy madaniyat, ruhiy xotirjamlik kabi fazilatlarga boy hayot kechirish insonni onkologik kasalliklar bilan ogʼrish ehtimolini bir necha 10 barobarga kamaytiradi.