10:08 (13.11.2023)
1713
Oʼn toʼrt yoshli amerikalik maktab oʼquvchisi teri saratonini bartaraf etishda samarali taʼsir koʼrsatadigan sovun ishlab chiqdi. Ishlanma “Young Scientist's Challenge” tanlovida bosh mukofot bilan taqdirlandi.
Xeman Bekelening oilasi uning toʼrt yoshligida Efiopiyadan АQShga koʼchib oʼtgan. Biroq, bolakay oʼz yurtida kun boʼyi jazirama quyosh ostida mehnat qilgan odamlarni esladi. Mazkur xotiralar uni ana shunday ixtiroga ilhomlantirdi.
Sovun teri orqali organizmning immunitet tizimini faollashtiradigan va saraton hujayralariga qarshi kurashishga yordam beradigan dorilarni yetkazib beradi. Аsosiy faol moddasi imidazoxinolin boʼlib, u ilgari tibbiyotda turli kasalliklarni davolashda ishlatilgan.
Sovun tarkibida lipidga asoslangan nanozarrachalar ham mavjud boʼlib, ular shifobaxsh birikmalarning terida uzoq vaqt qolishiga imkon beradi.
“Gap shundaki, sovunni yuvib tashlaganingizdan keyin ham shifobaxsh komponentlar teringizda saqlanib qoladi”, — dedi ishlanma muallifi.
Lipid nanozarrachalari koʼpincha vaktsinalarda qoʼllaniladi. Аmmo ularni inʼektsiya yoʼli bilan tanaga kiritish shart emas. Teriga surtilganda nanozarrachalar uning yuzasida koʼrinmas qatlam hosil qiladi, bu esa faol birikmalarning kirib borishini osonlashtiradi. Texnologiyaning raqamli molekulyar sinovi yuqori samaradorlikni koʼrsatdi. Biroq, loyiha muallifi odamlarda klinik sinovlar oʼtkazish uchun hozircha ruxsatga ega emas. Xeman keyingi besh yil ichida sovunni odamlarda sinab koʼrish uchun ruxsat olish va FDA sertifikatini qoʼlga kiritishga umid qilmoqda.