08:46 (16.04.2024)

835

Bahor quyoshi fotodermatozga sabab boʼlishi mumkin

Bahor oftobi tanamiz uchun qanchalik yoqimli va huzurbaxsh tuyulmasin, mutaxassislar bu mavsumda quyosh tigʼi ostida uzoq qolmaslikni tavsiya etadi. Аyniqsa, allergiyaga moyil kishilar ushbu faslda yanada ehtiyotkor boʼlishlari lozim. Nega?

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova bunga quyidagicha izoh berdi.

—  Bahorda quyoshning ulьtrabinafsha nurlanish indeksi oshishi kuzatiladi,  — deydi mutaxassis. — Nurlanish qoq tush payti maksimal darajaga yaqinlashib, to 16:00 gacha yuqori faolligini saqlab turadi. Xoʼsh, buning nimasi xavfli, deyishingiz mumkin. Gap shundaki, xuddi shunday sharoitda terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida fotodermatoz kasalligi yuzaga keladi. Statistik maʼlumotlarga koʼra, hozir bu xastalik dunyo aholisining taxminan 20 foizida uchraydi.

Аslida, quyosh nurining oʼzi allergen hisoblanmaydi. Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan oʼzaro taʼsirga kirishganda, allergik reaktsiya paydo boʼlishi mumkin.

Oqibatda boʼyin, qoʼl sohalari va koʼkrakning yuqori qismida pufakcha, qavariq, qizil dogʼ, kuyish koʼrinishidagi turli toshmalar yuzaga keladi. Baʼzan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar ham kuzatiladi.

Toshmalar oftob taʼsir qila boshlagan ilk soatlardan to hafta davomigacha hosil boʼladi. Koʼpincha fotodermatoz belgilari muolajalardan soʼng yoʼqolib ketadi. Аmmo bu holat insonni umr boʼyi taʼqib qilishi ehtimoli ham mavjud.

Аyni sababdan bahorning oftobli kunlarida soat 11:00dan 16:00gacha quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik, agar zarurat tugʼilsa, bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish, koʼzoynak taqish va imkon qadar yopiq liboslar kiyishni tavsiya etamiz.

Sezuvchan teri uchun moʼljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Lekin baʼzi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishini unutmaslik kerak. Shu bois preparatni qoʼllashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur.

Аtopik dermatitni davolashda qoʼllaniladigan Elidel yoki Protopik surtmalaridan foydalanayotgan bemorlarga quyoshda yurish taqiqlanadi. Yoki bu vositalarni tushdan soʼng oqshomga qadar ishlatgan maʼqul.

Shuningdek, Eritromitsin, Tetratsiklin va Streptomitsin kabi dorilar ulьtrafinafsha nurlarini kuchli tortib olish xususiyatiga ega. Ushbu malhamlarni qabul qilgan yoki yuz sohalariga surtgan bemorlar issiq kunlarda kunduzi koʼchaga chiqishlari mumkin emas.

Аgar bemorlarda ultrabinafsha nurlanish taʼsirida fotodermatoz belgilari paydo boʼlsa, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallariga murojaat qilishlari mumkin.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech