15:00 (28.11.2023)
929
Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va IIB Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan hamkorlikda Oltinkoʻl tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.Q. boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtotransport vositasi toʻxtalib koʻzdan kechirilganda, fuqaro I.M.ga tegishli hech qanday hujjatsiz 1 200 dona “Pantozol” nomli xorijda ishlab chiqarilgan dori vositasini oʻtkazish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, fuqaro I.M. Andijon shahri “H.” MFYdagi xonadonida ushbu dori vositasidan yana 3 799 donasini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Kogon shahar va Samarqand tuman boʻlimlari tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda “M.F.” MCHJga qarashli dorixona sotuvchisi S.Sh. hamda “S.D.” xususiy korxonasiga qarashli dorixona sotuvchisi Z.T. hech qanday hujjatsiz jami 410 dona “Tebantin” va “Gabapentin” nomli dori vositasini sotayotgan vaqtlarida ushlanib, ushbu dorixonalardan yana 640 dona “Tebantin” nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xuddi shunday, Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi, Qiziriq tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda “B.G.” MCHJ, “J.F.” va “P.N.” xususiy korxonasiga qarashli dorixona sotuvchilari jami 201 dona “Tebantin” va “Gabapentin” nomli dori vositalarini sotgan vaqtlarida ushlanib, ushbu dorixonalardan yana 100 dona “Tebantin” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Jarqoʻrgʻon va Oqqoʻrgʻon tuman boʻlimlari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda, “D.Ph.” MCHJ rahbari O.A. va fuqarolar L.Gʻ., J.N. jami 107 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.