18:00 (30.09.2024)
292
Kuz kelib, havo harorati asta-sekin pasaymoqda. Baʼzi insonlar qanday sharoit boʻlmasin, tongda iliq vanna qabul qilishni xush koʻradi. Ayrimlar esa ertalab boshini yuvib, ishga yoki oʻqishga borishga odatlangan. Xoʻsh, bu qanchalik toʻgʻri? Boshni quritmay koʻchaga chiqish qanday oqibatlarga olib keladi?
Oliy toifali shifokor Sanjar Mavlonov bu haqda batafsil maʼlumotlar berdi:
— Bugungi kunda ayrim yoshlar orasida ertalab boshni yuvib, koʻchaga chiqish odatga aylangan, — deydi mutaxassis. — Bu holatda ular sochlarni fenda quritishning oʻzi yetarli deb oʻylaydi. Vaholanki, sochlar ildizi va uning ichki qavati 4 soatda ham qurimaydi. Qarabsizki, buning oqibatida insonda jiddiy kasalliklar kelib chiqishi mumkin.
Jumladan, sochlar nam boʻlganda, bosh issiqlikni juda tez yoʻqotadi. Buning natijasida undagi tomirlar torayib, sochlarning ozuqa olishi yomonlashadi va ular toʻkilishni boshlaydi. Albatta bu eng yengil oqibatdir.
Shuningdek, ertalab bosh yuvib, sochlarni quritmay koʻchaga chiqish tufayli organizmning immuniteti pasayadi. Ayniqsa, kuzning salqin havosida teri namlik holatini uzoq ushlab turishi tufayli surunkali gaymorit, rinit, frontit, tonzillit va otit kabi kasalliklar qoʻzgʻaydi. Agar bunday xastaliklarga moyillik kuchli boʻlsa, xavf yanada ortadi.
Uchinchi eng jiddiy oqibatlardan biri – uch tomonlama yoki yuzning asab tugunlari nevriti hisoblanadi. Bu ogʻriqli sindrom boʻlib, uni davolash uchun uzoq vaqt talab etilishi mumkin.
Boshni quritmasdan koʻchaga chiqishning eng katta xavfi esa meningit, yaʼni bosh miya va orqa miya pardalari yalligʻlanishidir. Bu — kasalliklar guruhi boʻlib, ular virusli yoki bakterial boʻladi. Bunda turli infeksiyalar miya pardalariga kirib, oʻsha yerda rivojlanadi.
Natijada bemor kuchli bosh ogʻrigʻidan shikoyat qiladi. Tana harorati tez-tez 39-40 darajaga koʻtariladi. Eng yomoni, salqin havoda infeksiya xavfi yanada kuchayadi. Agar oʻz vaqtida davo choralari koʻrilmasa, oqibati yomon boʻlishi mumkin.
Shu bois yuqorida tilga olingan kasalliklarga chalinmaslik uchun bosh yuvilib, sochlar fenda quritilgach, kamida ikki soatdan soʻng, agar havo harorati juda past boʻlsa, bosh kiyim bilan koʻchaga chiqish maqsadga muvofiq.