09:00 (02.07.2025)
65
Choʻmilish havzalaridagi ifloslangan suvda uchrashi mumkin boʻlgan ichak tayoqchasi va enteroviruslar oʻtkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A,Ye), ichburugʻ, ichterlama, lyamblioz, salmonellyoz kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi.
25-45 daraja issiqlik bakteriya va viruslarning koʻpayishi va uzoq yashashi uchun optimal harorat hisoblanadi. Shu bois yoz faslida kasallik qoʻzgʻatuvchilari suvda bir necha kundan bir necha oygacha saqlanishi mumkin.
Xastalik belgilari taxminan 12-48 soat oraligʻida holsizlik, koʻngil aynishi, qusish, tana haroratining koʻtarilishi, ich ketishi, qorin dam boʻlishi kabi alomatlar bilan namoyon boʻladi.
Ochiq suv havzalarida choʻmilish vaqtida turli zamburugʻli infeksiyalar tufayli dermatit va boshqa teri kasalliklarini ham yuqtirib olish mumkin.
Ifloslangan suvdagi bakteriya va viruslarning koʻz shilliq qavatiga tushishi esa konyunktivit yoki keratitga olib keladi.
Suv havzalarida choʻmilish vaqtida shu kabi kasalliklarga chalinish xavfini kamaytirish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish kerak.
-Avvalo, choʻmilish taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslik lozim. Ruxsat etilgan joylarda choʻmilganda ham suvning koʻz, burun va ogʻizga tushishidan saqlanish muhim. Agar tanada ochiq yaralar boʻlsa, choʻmilishdan tiyilgan maʼqul.
- Quyosh faol boʻlgan pallada (12:00 dan 16:00 gacha) oftob tigʻidan saqlanish kerak. Chunki ultrabinafsha nurlarining davomiy taʼsiri kataraktaga va keyinchalik koʻz nuri butunlay yoʻqolishiga sabab boʻladi.Shuningdek, kuchli ultrabinafsha nurlari tufayli allergik reaksiyalar, teri saratoni yuzaga kelishi xavfi ham mavjud.