16:00 (10.07.2026)

46

"Dori-Darmon"da raqamli transformatsiya yangi bosqichga chiqmoqda

"Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasida raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish hamda inson omilini kamaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu orqali boshqaruv samaradorligini oshirish, ish jarayonlarining shaffofligi va tezkorligini taʼminlash, shuningdek aholiga koʻrsatilayotgan farmatsevtika xizmatlari sifatini yanada yuksaltirish maqsad qilingan.

Kompaniyaning Axborot texnologiyalari boʻlimi tomonidan soʻnggi yillarda bir qator raqamli yechimlar ishlab chiqildi. Jumladan, xodimlarning ish vaqti va mehnat intizomini samarali nazorat qilish maqsadida maxsus dastur yaratildi. Ushbu tizim orqali xodimlarning ishga kelgan vaqti, xizmat topshiriqlari bilan ish joyidan chiqqan holatlari hamda ish kuni yakunlangan vaqtlari elektron tarzda qayd etiladi. Bu maʼlumotlar elektron server kitobchasiga yuboriladi va mazkur maʼlumotlar asosida Kadrlar boʻlimi tomonidan tabellar yuritilib, ish vaqti hisobi aniq va shaffof tarzda shakllantiriladi. Bu esa inson omilini kamaytirish, mehnat intizomini mustahkamlash va hisobotlarni yuritish jarayonini soddalashtirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, xizmat avtomobillaridan samarali foydalanish maqsadida ularni oldindan band qilish tizimi ham ishga tushirildi. Bu xizmat transportlaridan oqilona foydalanish, vaqtni tejash va ortiqcha qogʻozbozlikni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari xizmat avtomashinalarining monitoring tizimi ham raqamlashtirildi. GPS-trekerlardan olinadigan maʼlumotlar Axborot texnologiyalari boʻlimi tomonidan ishlab chiqilgan dastur orqali kompaniyaning ichki serverida qabul qilinib, qayta ishlanadi. Natijada transport vositalarining harakati, yoʻnalishlari va foydalanish holati boʻyicha avtomatik hisobotlar shakllantiriladi. Bu esa avval tashqi xizmat uchun har oy toʻlanib kelingan 1 mln 880 ming soʻmlik xarajatlarni tejash imkonini berdi.

Bugun raqamli transformatsiyaning navbatdagi muhim bosqichi sifatida M-Apteka platformasi negizida yangi korporativ axborot tizimi taqdimot qilin.  Zamonaviy Python, Node.js va JavaScript dasturlash tillarida ishlab chiqilgan mazkur tizim kompaniyaning barcha biznes jarayonlarini yagona raqamli muhitga birlashtiradi.

Tizimda Elektron raqamli imzo (ERI) toʻliq joriy qilingan boʻlib, hujjatlarni tasdiqlash, kelishish va imzolash jarayonlari elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu esa qogʻoz hujjatlar aylanmasini deyarli toʻliq bartaraf etib, ish jarayonlarini tezlashtiradi va inson omili bilan bogʻliq xatolarni minimallashtiradi.

Korporativ platforma bulutli texnologiyalar asosida ishlaydi. Shu bois undan internet tarmogʻi mavjud boʻlgan dunyoning istalgan nuqtasidan foydalanish mumkin. Rahbariyat esa markaziy apparat, filiallar, dorixonalar va omborxonalardagi ish jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatish va nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Yangi tizimning dorixonalar uchun moʻljallangan qismi ham keng imkoniyatlarga ega. Unda dori vositalarini berish tartibi — standart sotuv, retsept asosida berish va boshqa shakllar raqamli tarzda boshqariladi.

Eng muhimi, barcha dorixonalar markaziy maʼlumotlar bazasi bilan doimiy sinxronlashtirib boriladi. Markaziy bazada amalga oshirilgan har qanday oʻzgarish avtomatik ravishda dorixonalarga yetkaziladi.

Masalan, dori vositasining referent narxi oʻzgarsa, marketing maʼlumotlari yangilansa yoki muayyan partiyani sotuvdan vaqtincha toʻxtatish zarurati tugʻilsa, ushbu maʼlumotlar barcha dorixonalarga tezkor yetkaziladi.

Sunʼiy intellekt har 45 soniyada markaziy maʼlumotlar bazasi bilan sinxronlashtiriladi. Bu esa barcha filiallarda yagona va dolzarb maʼlumotlar bilan ishlash imkonini yaratadi.

Tizimda farmatsevtlar dori vositalari haqidagi qisqacha va ishonchli maʼlumotlarni bir necha soniya ichida olishlari mumkin. Agar xaridor yoki bemor maʼlum bir preparat haqida maʼlumot soʻrasa, tizim avtomatik ravishda uning tarkibi, qoʻllash xususiyatlari va boshqa muhim maʼlumotlarni maʼlumotnoma shaklida taqdim etadi. Bu farmatsevtlar ishini yengillashtirish bilan birga, aholiga sifatli va tezkor axborot berish imkonini ham yaratadi.

Yangi korporativ tizim orqali kompaniyadagi barcha asosiy biznes jarayonlari yagona raqamli muhitda boshqariladi. Bu esa ish samaradorligini oshirish, qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish, shaffoflikni taʼminlash hamda inson omilini minimal darajaga tushirishga xizmat qiladi.

"Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasi kelgusida ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, innovatsion yechimlardan samarali foydalanish va farmatsevtika sohasida zamonaviy boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha ishlarni izchil davom ettiradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech