15:11 (22.11.2023)

1480

Dorining klinik tadqiqotida sogʼlom shaxslar ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi mumkin

"Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun (OʼRQ-879-son, 22.11.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan farmakologik vositaning yoki dorining klinik tadqiqotida sogʼlom shaxslar ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi mumkinligiga oid qoʼshimchalar kiritildi.

Klinik tadqiqot rahbari klinik tadqiqotda qatnashadigan shaxsga tadqiqot usulining ahamiyati, mazkur tadqiqotning mohiyati va ehtimol tutilgan xavfi haqida batafsil tushuntirish berishi shart.

Shaxs tadqiqotning istalgan bosqichida unda ishtirok etishni rad qilishga haqli.

Tadqiqotda voyaga yetmagan yoxud muomalaga layoqatsiz shaxs ishtirok etganda, tadqiqotlar boshlanishidan oldin uning ota-onasidan yoki boshqa qonuniy vakillaridan yozma ravishda rozilik olinishi kerak.

Voyaga yetmagan shaxs ishtirokidagi klinik tadqiqotdan oldin voyaga yetgan shaxsda klinik tadqiqot oʼtkazilgan boʼlishi kerak.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech