09:40 (28.12.2022)

2385

DXX tomonidan “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bogʼliq holat yuzasidan jinoyat ishi qoʼzgʼatildi

Soʼnggi vaqtlarda respublikamizda oʼtkir respirator kasalliklarga chalingan bolalarda “Dok-1 Maks” siropini ichish natijasida oʼlim holati kuzatilganligi keng jamoatchilikni xavotirga soldi.
Hindiston davlatining “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli mazkur dori vositaci mamlakatimizga “Quramax Medical” MChJ tomonidan import qilinib, savdoga chiqarilgan.

Taʼkidlash lozimki, preparat uy sharoitida bolalarga shifokor retseptisiz, ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida notoʼgʼri qoʼllanilgan.

Sogʼliqni saqlash vazirligining laborator oʼrganishlariga koʼra, “Dok-1 Maks” siropining tarkibida mavjud boʼlgan “etilenglikolь” moddasi bemor salomatligida jiddiy salbiy oʼzgarishlarni keltirib chiqaradi.

Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi xulosasiga koʼra, “Dok-1 Maks” siropi meʼyoriy hujjatda belgilangan talablarga javob bermaydi.

Hozirda holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MChJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3 moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, gumonlanuvchi shaxslar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech