17:41 (08.02.2024)
1626
Xabaringiz bor, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʼtkazilgan tezkor tadbirda Chortoq tuman tez yordam boʼlimi felьdsheri tomonidan yashirin sex sharoitida tayyorlangan «Zodak», «Аnaferon», «Xilak Forte» va «Vitamin B6» nomli qalbaki dori vositalari Аndijon, Fargʼona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilganligi aniqlandi.
Ushbu xabar yuzasidan, SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Oʼzbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shugʼullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xoʼjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar) barcha tashkilotlarni ogohlikka chaqirib, quyidagilari maʼlum qiladi.
Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʼgʼrisidagi qonun va qonunosti hujjatlariga, shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga majburiy rioya etish farmatsevtika sohasida litsenziya talablari va shartlari etib belgilangan.
«Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati» toʼgʼrisidagi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʼzbekiston Respublikasida roʼyxatdan oʼtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʼzbekiston Respublikasida roʼyxatdan oʼtkazilgan dori vositalarining gʼayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan «Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʼgʼrisida yagona nizom»ga muvofiq, Oʼzbekiston Respublikasida roʼyxatdan oʼtkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasida roʼyxatdan oʼtkazilgan dori vositalarining gʼayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish litsenziya talablari va shartlarini qoʼpol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda toʼxtatilishiga olib keladi.
Yuqoridagilarga asosan, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mazkur litsenziya talablari va shartlarini buzgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shugʼullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xoʼjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar) barcha tashkilotlarni faoliyat uchun berilgan litsenziyasi bekor qilinib, qatʼiy choralar koʼrilishi toʼgʼrisida ogohlantiradi!