08:45 (15.04.2025)
113
Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish va olib chiqish Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-son qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
✅ Giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib chiqishga tibbiyot muassasasining davolash-maslahat komissiyasining muhri bilan tasdiqlangan xulosasi mavjud bo‘lganda ruxsat beriladi.
✅ Giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib kirishga yashash yoki bo‘lish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, davolash kursining tavsiya etiladigan soni ko‘rsatilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda ruxsat beriladi.
✅ Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun psixotrop moddalarni yashash yoki bo‘lish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan turli nomdagi 5 tagacha davolash preparatlarini va ulardan har birining ikkitadan ortiq bo‘lmagan o‘ramini davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqishda ruxsat beriladi.
✅ O‘tkazish punktlarida bojxona chegarasini kesib o‘tishda jismoniy shaxslar ularda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar borligini deklaratsiyada qayd etishlari shart, bunda giyohvandlik vositalari uchun — bojxona organiga jismoniy shaxsning yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, dori vositasining nomi, uning dori shakli va davolash kursining tavsiya etiladigan soni ko‘rsatilgan hujjat taqdim etilishi kerak.