13:00 (14.02.2024)
1903
Kariyes — dunyoda eng keng tarqalgan kasallik. Bu muammoga sayyoramiz aholisining 95-98 foizi toʼqnash kelishi statistik tahlillarda oʼz ifodasini topgan.
Shunga qaramay, bolalar va hatto kattalar orasida ham kuchli ogʼriqlar bezovta qilmagunicha stomatolog qabuliga borishni paysalga soluvchilar koʼp. Vaholanki, uni erta bosqichda davolash va oldini olish mumkin.
Rossiyaning Omsk davlat tibbiyot universiteti olimlari bu borada izlanishlar olib borib, ajoyib natijaga erishdi: kariesning oldini oluvchi va davolovchi qulay hamda samarali vosita yaratildi.
Gel koʼrinishidagi ushbu preparat hatto kasallikning boshlanish davri, yaʼni tishlarda dogʼlar hosil boʼlish bosqichda ham yaxshi natija beradi. Shu tariqa karies rivojlanishiga barham bersa boʼladi.
Yaratilgan maxsus surtma ftorid, kaltsiy va fosfordan tarkib topgan boʼlib, emal devorlarini mustahkamlash hamda tishlarni zarur minerallar bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Muhimi, undan uy sharoitida foydalanish juda qulay.
Davolanish kursi 2-3 haftani tashkil etadi. Muolajani yil davomida ikki marta takrorlash kifoya. Shu asnoda tishlar oʼn ikki oy davomidan kariesdan ishonchli himoyalanadi.
Hozir tadqiqotchilar 10 ta gel kompozitsiyasi uchun patent olishga muvaffaq boʼldi. Hademay ular soni yana bittaga koʼpayishi kutilyapti.