08:50 (04.03.2025)
258
Joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, belgilangan darajada xlorlangan suv qovuq saratoni xavfini 33 foiz, yo‘g‘on ichak saratoni xavfini esa 15 foizga oshiradi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqida ichimlik suvini xlorlash keng tarqalgan. Suvni xlor bilan zararsizlantirish jarayoni AQSH va YEIdagi deyarli barcha umumiy ichimlik suvi tizimlarida uchraydigan trihalometan (THM) qo‘shimcha mahsulotlarni hosil qiladi.
Jumladan, xlorlash jarayoni organizmlar va yuqumli kasalliklarni o‘ldirishning arzon, samarali va oson topiladigan usuli bo‘lsa-da, qovuq saratoni xavfini 33 foiz va yo‘g‘on ichak saratoni xavfini 15 foizga oshiradi.
“Biz ko‘rib turgan narsa xavotirli va bizga yanada yuqori sifatli tadqiqotlar kerak”, deydi Shvetsiyadagi Karolinska institutining yetakchi muallifi Emili Helte.
Ma’lumot uchun, suvni dezinfeksiya qilish jarayoni sog‘liqni saqlashning muhim chorasi bo‘lib, 1900-yillarning boshlarida AQSHda ichimlik suvini xlorlash boshlanganida aholining umr ko‘rish davomiyligini keskin oshirdi. Chunki bu mikrobli infeksiya va suv orqali yuqadigan kasalliklarni, masalan, vabo va qorin tifini sezilarli darajada kamaytirgan. Faqat 1970-yillarga kelibgina tadqiqotchilar bu jarayon salbiy oqibatga olib kelishini aniqlagan. Suvga xlor qo‘shilganda, u organik birikmalar bilan xuddi chirigan o‘simlik materialiga o‘xshab istalgan miqdordagi yuzlab potensial zaharli qo‘shimcha mahsulotlarni hosil qiladi.
Tadqiqotchilar suvni ultrabinafsha nurlar bilan tozalash yoki yangi filtrlash tizimlarini o‘rnatish kabi muqobil variantlarni taklif qilgan, ammo bu qimmat. Shu sababdan olimlar shahar tizimida suvni ichishlaridan avval uy sharoitida suvni ifloslantiruvchi moddalardan tozalash uchun granullangan faol uglerod bilan qo‘shimcha filtrlash tizimidan foydalanishni tavsiya qilishmoqda.