09:00 (12.12.2025)
145
Havodagi zaharli moddalarning uzoq muddat ta’siri muntazam jismoniy mashqlar ta’sirini ikki baravargacha kamaytirishi mumkin.
Tadqiqotda Buyuk Britaniya, Tayvan, Xitoy, Daniya va AQSHdan 1,5 milliondan ortiq katta yoshli kishilar ishtirok etdi. Ishtirokchilar o‘n yildan ziyod kuzatilgan, ularning jismoniy faollik darajasi va atrofdagi havo sifati baholangan. PM2,5 mayda zarrachalar konsentratsiyasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Jismoniy mashqlar oʻlim xavfini kamaytiradi, biroq... Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, haftasiga kamida ikki yarim soatlik jismoniy mashqlar o‘lim xavfini taxminan 30 foizga kamaytirgan. Biroq odam havoning ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda yashasa, bu ta’sir sezilarli pasaygan.
PM2,5 ning o‘rtacha yillik konsentratsiyasi 25 mkg/m3 dan oshganda himoya ta’siri taxminan ikki baravar: 12—15 foizgacha kamaygan.
Og‘irroq sharoitlarda — ifloslanish darajasi 35 mkg/m3 dan yuqori bo‘lganda, mashg‘ulotlarning foydasi yanada kuchliroq pasaygan. Olimlarning ta’kidlashicha, dunyo aholisining taxminan uchdan bir qismi havoning shunday ifloslanishiga duchor bo‘ladi.
London Qirollik kolleji professori Endryu Steptouning aytishicha, zaharli havo jismoniy mashqlarning salomatlikka ta’sirini susaytirishi mumkin, ammo ularning foydali ta’sirini butunlay yo‘qqa chiqarmaydi. Olimlarning ta’kidlashicha, tahlilga boshqa omillar: daromad, ta’lim, chekish va surunkali kasalliklarning mavjudligi ham kiritilgan, bu esa xulosalarning ishonchliligini oshiradi.