09:00 (08.10.2025)

99

Hindistonda yo‘tal dorisidan bolalar vafot etdi

Hindistonning Madxya-Pradesh shtatida yo‘tal siropi qabul qilgan 14 nafar bola vafot etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, bu holat dori ishlab chiqarish jarayonida sifat nazorati standartlariga rioya qilinmasligidan vujudga kelgan. 

Holat bo‘yicha ishlab chiqaruvchi kompaniyaga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish Hindistonning Srisan Pharmaceuticals farmatsevtika kompaniyasiga nisbatan ochilgan. Kompaniyaning Coldrif nomli yo‘tal siropi tekshirilganda, unda asosiy erituvchi bo‘lgan propilenglikol o‘rniga ishlatiladigan zaharli modda – diatilen glikolning ortiqcha miqdori aniqlangan.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, “Sresan Pharma” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Coldrif” dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan.

Hindiston sog‘liqni saqlash vazirligi yo‘tal siroplarini, ayniqsa, bolalarda ehtiyotkorlik bilan ishlatishga chaqirgan. Hozirda qoidalarni qat’iylashtirish, dori vositalari sifatini yaxshilash va ularning bolalarda qo‘llanishi bo‘yicha choralar ko‘rish masalasi muhokama qilinmoqda.

Nashrning ta’kidlashicha, Hindiston ko‘p yillardan beri ifloslangan yo‘tal siroplari bilan bog‘liq muammo bilan kurashib kelmoqda. Bunday siroplar, ayniqsa, besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda, buyraklarning jiddiy zararlanishiga va ko‘plab o‘lim holatlariga olib kelgan. So‘nggi 20 yil ichida bu borada ko‘plab holatlar qayd etilgan. Jumladan, 2022 yilda Gambiyada Hindistondan import qilingan yo‘tal siropi tufayli 60 dan ortiq bola halok bo‘lgan edi.

Shuningdek, hindistonlik shifokor Tarachand Yogi bu sirop bolalar uchun xavfsizligini isbotlash maqsadida o‘zi ichishga qaror qilgan. Ammo bir necha soat o‘tib u hushsiz holda topilgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, vafot etgan bolalarga dorini ushbu shifokor tavsiya qilgan. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech