10:13 (02.06.2025)

208

Misr hukumati 2025-yilda ilk marotaba Oʻzbekistonga "S" gepatitiga qarshi dori vositalarini begʻaraz taqdim etdi

Oʻzbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Misrdan "S" gepatiti kasalligiga qarshi dori vositalarining 2025-yildagi ilk partiyasi olib kelindi.

"Dunyo" AAning xabar berishicha, ushbu insonparvarlik loyihasi davlatimiz rahbarining mamlakatimizda "S" gepatitini 100 foiz davolash boʻyicha tashabbusi ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonasi va Misr Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyati oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida umumiy qiymati 114.829 AQSH dollariga teng 31 ta qutida 7440 dona boʻlgan “S« gepatitiga qarshi «Sofosbuvir-400mg” dori vositasini yurtimizda begʻaraz insonparvarlik koʻmagi sifatida taqdim etilishiga erishildi. Mazkur dori vositalari 31-may kuni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining samolyotida Sharm ash-Shayx – Toshkent avia yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekistonga olib kelindi.

Ushbu dori vositalari mamlakatimizda «S« gepatitini 2030-yilga qadar bartaraf etish boʻyicha milliy dasturga asosan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga taqdim etiladi.

Oʻzbekiston elchixonasi xabariga koʻra, 2023-2024-yillarda Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga “S« gepatitiga qarshi kurashish uchun umumiy vazni 12,4 tonna boʻlgan «Daclatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalari 27 partiyada insonparvarlik koʻmagi sifatida berilgan.

Mazkur dori vositalarining umumiy qiymati 1,4 million AQSH dollariga teng.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech