13:03 (03.07.2024)
613
Sogʻliqni saqlash vazirligining “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash jarayonlarini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi buyrugʻi qabul qilindi.
Buyruqqa asosan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali davlat xizmatlarini koʻrsatishning har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib borish tartibi takomillashtirib borilishi belgilandi. Imtihon savollari bazasi sohadagi oʻzgarishlarga koʻra, har yili 1-sentyabrga qadar muntazam ravishda yangilab boriladi.
Shu bilan birga, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, oliy tibbiy taʼlim muassasalari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga quyidagi vazifalar yuklatildi:
✔️tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokor va farmatsevtlarni amaldagi malaka toifasining muddati tugashidan olti oy oldin navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻtishi lozimligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilish;
✔️tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi bilan tanishtirilishi hamda attestatsiyadan oʻtish uchun hujjat topshirish boshlangunga qadar ularning malaka oshirishini tashkil etish;
✔️tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtishi uchun hujjatlarini tayyorlashi va oʻz vaqtida topshirishiga zaruriy shart-sharoitlar yaratib berish;
✔️tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini oʻz vaqtida attestatsiyadan oʻtishini taʼminlash maqsadida malaka toifasiga ega boʻlgan va boʻlmagan mutaxassislarning doimiy monitoringini yuritish;
✔️malaka toifasiga ega boʻlgan va boʻlmagan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yillik tahliliy jadvalini oʻrnatilgan tartibda keyingi yilning 1-fevraliga qadar Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markaziga topshirilishini taʼminlash.
Yangi tizimning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, endilikda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjat topshirish hamda attestatsiyadan oʻtish uchun ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflab poytaxtga kelishiga barham berildi. Hujjat topshirish va imtihondan oʻtish jarayonida inson omili aralashuvini minimallashtirish orqali korrupsiya xavfi va elementlari bartaraf etildi.
Shunga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimning barcha boʻgʻinidagi muassasa rahbarlari bu haqda doimiy ravishda targʻibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini olib borishi lozimligi hamda barcha turdagi firibgarlik holatlarini oldini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrishi belgilandi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi huzuridagi malaka toifasini berish boʻyicha ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari raislari va aʼzolari attestatsiyalarning oʻz vaqtida hamda belgilangan talablar asosida adolatli va shaffof oʻtkazilishida shaxsan javobgar etib belgilandi.
Bu saʼy-harakatlarning barchasi yetuk va chuqur bilimga ega, xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.