08:46 (25.01.2024)
1445
Sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutining bolalar va oʼsmirlar gigienasi laboratoriyasi xodimlari tomonidan Toshkent shahridagi umumtaʼlim maktablarida mobil telefonlardan koʼp foydalanadigan 11 yoshdan 17 yoshgacha boʼlgan 900 nafar oʼquvchi oʼrtasida soʼrovnoma oʼtkazildi. Natijada ular qanday kasalliklardan aziyat chekishi maʼlum boʼldi.
Tadqiqotning maqsadi zamonaviy raqamli qurilmalar va internetdan koʼp foydalanish bolalarning kasallanishiga taʼsirini baholashga qaratildi. Statistik maʼlumotlarning tahlili shuni koʼrsatdiki, oʼquvchilar orasida endokrin tizim, ovqatlanish va metabolik kasalliklar bilan bogʼliq shikoyatlarga ega bolalar oʼrtacha 41 foizni tashkil etadi.
Umumiy kasallanishning qiyosiy tahliliga koʼra, raqamli qurilmalardan tez-tez va koʼp foydalanadigan oʼquvchilarida, raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan oʼquvchilariga nisbatan ruhiy va xatti-harakatlarning buzilishi bilan bogʼliq belgilar koʼproq uchradi. Skrining soʼrovnoma natijalari orqali aniqlandiki tekshirilayotgan bolalar orasida asab tizimi kasalliklarining yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan.
Soʼrovnoma natijalariga koʼra bolalar orasida qon aylanish tizimi, nafas olish tizimi kasalliklari shovqin va quloq bilan bogʼliq shikoyatlar bor ekanligini aniqlangan.
Bundan tashqari, raqamli qurilmalardan tez-tez va koʼp foydalanadigan oʼquvchilar ovqat hazm qilish tizimidagi muammolardan 1,1 baravar koʼproq shikoyat qilgan.
Xususan, oʼquvchilarning 31 foizi tish ogʼrigʼi va kariesdan shikoyat qilgan, bu raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan oʼquvchilariga nisbatan 6,4 foizga koʼpdir.
Raqamli qurilmalardan tez-tez va koʼp foydalanadigan oʼquvchilarda, raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydiganlarga nisbatan turli kasalliklarining yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan.